20:17 / 12.02.2021
3216
Blogerlarning sahifalariga elektron pochta manzili hamda familiyani joylashtirish talabi qo‘yilishi mumkin

«Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasida qonunni buzgan holda tarqatilayotgan axborot to‘g‘risida murojaatlar yuborilishi uchun blogerlarga o‘z veb-sayti (sahifasi)ga, shu jumladan, ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi sahifalariga elektron pochta manzilini, o‘z ism-sharifining bosh harflari va familiyasini (jismoniy shaxs uchun) yoki nomini (yuridik shaxs uchun) joylashtirish majburiyligini belgilash nazarda tutilmoqda.

«Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasiga taklif etilayotgan to‘ldirishga ko‘ra, veb-saytning va  veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan, bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmog‘idagi sahifasida:

  • ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlikka, belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarda ishtirok etishga da'vat qilish;
  • jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatish;
  • jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga (milliy va umuminsoniy qadriyatlarga) hurmatsizlikni namoyon etuvchi beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish;
  • pornografiya, zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib qilish, shuningdek, o‘z joniga qasd qilishga da'vat etish;
  • voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga yoxud o‘zga shaxslarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga tahdid soluvchi g‘ayrihuquqiy harakatlarni sodir etishga undashga va boshqa tarzda jalb qilishga yo‘naltirilgan axborotni tarqatish;
  • referendum to‘g‘risidagi va saylov haqidagi qonunchilikda nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etmaslik;
  • fuqarolarning shaxsga doir ma'lumotlarini ularning roziligisiz joylashtirish;
  • hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-sayti va (yoki) veb-sayt sahifalarining, shu jumladan, tezkor xabarlar almashish tizimlarining monitoringini ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan axborot va materiallarni aniqlash maqsadida amalga oshirish kabi harakatlar taqiqlanmoqda.

Bundan tashqari, sahifa egasi:

  • o‘ziga xabar yuborilishi uchun o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga, shu jumladan, tezkor xabarlar almashish tizimlariga elektron pochta manzilini, qonunni buzgan holda tarqatilayotgan axborot to‘g‘risida murojaatlar yuborilishi uchun o‘z ism-sharifining bosh harflari va familiyasini (jismoniy shaxs uchun) yoki nomini (yuridik shaxs uchun) joylashtirishi;
  • tarqatilishi taqiqlangan axborot aniqlangan taqdirda, ushbu ma'lumotlardan foydalanishni cheklash choralarini darhol ko‘rishi;
  • o‘z veb-saytida va (yoki) veb-sahifasida internet jahon axborot tarmog‘i milliy segmentining domen nomlari tizimida izoh beruvchi shaxslar turgan mamlakatni identifikatsiyalovchi noyob manzil to‘g‘risidagi ma'lumotlarni aks ettirishi shartligini belgilash taklif etilmoqda.
Top