17:09 / 12.02.2021
58161
Ichki ishlar vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

Najmiddin To‘raxo‘jayev ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari, Yahyojon Abdulhaqov esa vazir o‘rinbosari - Tergov departamenti boshlig‘i lavozimida ish boshladi.

Prezident qarori bilan Najmiddin Sadirovich To‘raxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Najmiddin To‘raxo‘jayev (o‘ngda)

Najmiddin To‘raxo‘jayev bunga qadar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi direktori lavozimida ishlab kelayotgandi.

Yahyojon Ortiqboyevich Abdulhaqov esa ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Yahyojon Abdulhaqov (chapda)

2019-2020 yillarda Tergov departamenti boshlig‘i bo‘lgan Doniyor Toshxo‘jayev 2020 yil yanvarida Farg‘ona viloyati IIBga boshliq bo‘lib ketgach, bu lavozim bo‘sh qolayotgandi.

Abdulhaqov 2019 yil noyabridan buyon Andijon viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari — Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

  • Bundan avvalroq, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Xatamov lavozimidan ozod etilib, IIV Akademiyasi rahbari lavozimiga o‘tkazilgani xabar qilingandi.
  • Yanvar oyi oxirida ichki ishlar vazirining turizm va transport obektlarida xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha o‘rinbosari Doniyor Qodirov lavozimidan ozod etilib, prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Rustam Inoyatovga o‘rinbosar etib tayinlangach, vazir o‘rinbosarligi lavozimi bo‘sh qolmoqda.
Top