09:09 / 12.02.2021
33457

Oltiariq uzumlari: Hosilni kelgusi mavsumgacha saqlashni bog‘bonlar qanday uddalaydi?

Oltiariq deganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida unumdor tuproq bilan do‘st tutinib uzum, bodring, turp yetishtirgan, qish bo‘lishiga qaramay, el dasturxoniga uzum va bodringni uzmasdan tortiq qilayotgan mehnatsevar bog‘bon gavdalanadi.

Darhaqiqat, Farg‘onaning bu tumaniga kelsangiz, mahalliy odamlarning bog‘dorchilik borasida ancha ustamon bo‘lib ketganiga guvoh bo‘lasiz. Oltiariqning zahmatkash bog‘bonlari bugun nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni respublikalarda ham dovruq qozonishgan.

Chinortagi ko‘chasi 81-xonadonga kirib borar ekanmiz, darvozadan xonadon ichra o‘tishimiz bilan xuddi kuz faslida bo‘lganidek so‘ritok uzra yastanib yotgan uzumlarga ko‘zimiz tushdi.

Ishonish qiyin. Ayni paytda qish fasli hukmron bo‘lishiga qaramay, uzumning bir necha turi so‘ritokda g‘arq pishib yotardi.

Fayzli o‘zbek xonadonlaridan biri. Darvozadan kiraverishda so‘ritok ustidan ustalik bilan «tselofan qog‘oz» tortilgan.

Xonadon darvozasiga uzumlarga sovuq havo zarar yetkazmasligi uchun hovli ichkaridan maxsus material qoplangan. Bularning barchasi xonadon sohibi Husanboy G‘ofurovning aynan qish pallasida uzumlarni tok ustida saqlashda o‘ta ehtiyotkor ekanidan darak berardi.

Yillar davomidagi mehnati e'tirof etilib, 2020 yilning dekabr oyida «Namunali tomorqachi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan Husanboy aka uzum yetishtirish va uni saqlash sir-asrorlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Xonadonimizdagi uzumlarni bir necha yillardan buyon «tokning ustida saqlash» usulida saqlab kelyapmiz. Uzum parvarishiga alohida e'tibor qaratamiz.

Kuzda pishgan uzumlarni iyun oyigacha saqlashning o‘zi bir mashaqqat. Saqlashning esa 3 xil turi bor: tok ustida saqlash (uzum pishgan vaqtda uni uzmay joyida qoldirish), bakalashka uslubi (uzum g‘arq pishgan payti uning kaltagi bilan kesib bandini suvga solib qo‘yish) hamda ota-bobolarimizdan qolgan eski saqlama (oktyabr oyida uzum uzib qo‘yiladi va yashiklarda omborda saqlanadi) uslubi.

Uzumchilik bilan shug‘ullanishni boshlaganimga 50 yil bo‘ldi. Har qanday sohaning ham o‘ziga yarasha og‘ir va yengil tomonlari bor. Har bir sohada izlanib turmasangiz, zamondan orqada qolib ketishingiz hech gap emas. Izlanishlar samara berib, 15–20 yildan buyon «bakalashka» uslubida saqlagan uzumlarimizni may oyigacha asl holidek saqlashga erishib kelmoqdamiz.

Mana, yanvar oyi ham poyoniga yetib boryapti, lekin hali biz «bakalashka» uslubidagi uzumlarni sotishni boshlamadik. Mart oyiga o‘tib bu usulda saqlangan uzumlarni sota boshlaymiz. Hozirgi paytda bandi quruq uzumlarni mahalliy bozorlarga va qo‘shni Tojikistonga sotyapmiz.

Izlanishlarimizga ko‘ra, odatda uzum iyun-iyul oylarida pishadigan bo‘lsa, to keyingi uzum pishgunicha eski uzumni saqlash usullarini o‘zlashtirdik.

Hozirda bizda uzumning 25 xildan ortiq turi mavjud. Tok ustida qishda ham 5–6 xil uzum navini saqlab kelmoqdamiz. Bular – «husayni», «kelin barmoq», «ulkan», «qora janjal», «F1» kabi navlardir.

Oltiariqqa atrofdan, qolaversa, xorijdan ko‘plab mehmonlar qadam ranjida qilib turadi. Kelgan mehmonlarga uzumlarni tepasidan uzib beramiz.

Tok uslubidagi uzumlarni ham may oyigacha saqlab kelyapmiz. Eng asosiysi, tok ustidagi uzumlar bahorgacha o‘z mazasini yo‘qotmaydi. Kelgan mehmonlar esa ayniqsa qish faslida uzumni tepasidan uzib yegisi keladi.

Avvallari tajriba yetishmasligidan ota-bobolarimizdan qolgan eski saqlama usulida uzumlarni uzoq muddat saqlay olmayotgan edik. Bu usulda saqlangan uzumlarni juda borsa fevral oyigacha «ushlab» turardik. Izlanishlar natijasida hozirda ombordagi uzumlarimizni oktyabr oyida novdasidan qanday holatda uzsak, to uzum pishadigan iyun oyigacha xuddi shunday asl holatidek saqlab turishga erishdik.

Uzum ko‘chatini tuproqqa qanday o‘tqazish, uni qaysi paytda xomtok qilish, qanday parvarish qilish – bularning barchasining o‘z sir-sinoatlari bor.

Ba'zida kuz oyi har doimgidan ko‘ra issiq bo‘ladi, yoki sovuq erta kelishi mumkin. Ayrim yillari uzumni sentyabr oyida uzishga to‘g‘ri keladi. Hattoki kuz issiq kelib hosilni noyabr oyida uzgan holatlar ham bo‘lgan. Ob-havoning qanday kelishiga qarab uzum parvarish qilinib, uziladi.

Iqlim o‘zgargani bois parvarish ham har yili o‘zgarib turadi. Faoliyatimizga iqlim sharoiti chambarchas bog‘liq.

4 o‘g‘lim bor. Kerak bo‘lsa, 12 yashar nevaralarim ham uzum parvarishida menga yordam berib kelishadi. Zaruriy holatda oilamizda ishchi kuchi yetishmasa, tashqaridan ham ishchi yollaymiz. Parvarish ko‘ngildagidek bo‘lsa, mana ko‘rib turganingizdek uzum iyun oyigacha turishi mumkin.

Uzumlarning yildan yilga hosildorligi kamayib boryapti. Sababi – iqlim o‘zgarishi, turli kasalliklarning ko‘payib ketishi. O‘tgan yili negadir uzumlar har yilgidan ko‘ra kam hosil berdi. Yoshligimizda noyabr oyida ham uzum barglari yam-yashil bo‘lib barq urib turardi, bir necha yillardan buyon ayni meva g‘arq pishadigan iyun oyidayoq barglari sarg‘ayib so‘lib boryapti», – deydi biz bilan suhbatda Husanboy G‘ofurov.

Alloh bergan ne'matni qarangki, bog‘bon Husanboy G‘ofurov o‘zi egiz bo‘lgani uchun uning ikki o‘g‘li ham egiz tug‘ilgan ekan. Oilada Husanboy G‘ofurovlar ikki nafar ekan.

Egizak o‘g‘illaridan biri Husanboy G‘ofurovga quloq tutamiz.

«Oilada 4 o‘g‘il va 1 qizmiz. Akamning o‘g‘illari va kelinlar bilan oilaviy qo‘l mehnati bilan uzumlarni parvarishlab, bog‘bonchilik bilan shug‘ullanib kelmoqdamiz.

Dadamizning ko‘rsatmalari bilan uzumlarni saqlash sir-sinoatlarini qunt bilan o‘rgandik. Dadam 50 yildan buyon bog‘dorchilik bilan shug‘ullanib keladi. Kelajakda omborxonalarni yana ham kengaytirish niyatimiz bor.

Xonadonimizni «Oltiariqning eng baxtiyor oilasi» desak arziydi. Uzumchilik ortidan kam bo‘lganimiz yo‘q. Uzumchilik orqasidan 2 ta namunaviy uy oldik, tagimizda zamonaviy mashina. Doim Allohga shukr aytib kelamiz. Mehnatimiz ortidan, dadamning bizga bergan tarbiyalari ortidan ustimiz but, qornimiz to‘q».

Oltiariqlik oddiy, zahmatkash o‘zbek xonadon a'zolarining tirishqoqligi, o‘zaro ahilligi, mehnatsevarligi tahsinga loyiq. Bobodehqonning yetishtirgan sarxil uzumlari bugun dasturxonimizga fayz ulashib turibdi. Ayni organizmda vitamin yetishmagan paytda ular bu bo‘shliqni to‘ldiryapti.

E'tibor bersak, hovliga, tokning shundoq yonginasiga kivi daraxti ham o‘tqazilgan ekan. Demak, kelajakda oila kivi daraxti parvarishini yo‘lga qo‘yishga ahd qilgan.

So‘ritokka osib qo‘yilgan qushlar qishda ham tinimsiz sayrab ko‘ngilni yayratadi. Hovli sahnida o‘ynab yurgan Husan tog‘aning nabirasi, goh qafasdagi qushlarni sayratar, goh tomorqada yurgan g‘oz va tovuqlarga don berardi. U ham ulg‘ayib mohir bog‘bon bobosining uzumchilik ishini davom ettirsa ajab emas...

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid
Top