19:32 / 12.02.2021
1358
O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soni salkam 600 mingga yetdi

O‘zbekistonda 597 mingdan ortiq fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida mobil ilova, soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti hamda soliq idoralaridan ro‘yxatdan o‘tdi. Ular orasida maishiy xizmat sohasida band bo‘lgan shaxslar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni ro‘yxatga olish bo‘yicha statistika e'lon qildi.

Qayd etilishicha, ayni paytda fuqarolardan mobil ilova, soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti hamda soliq idoralarining o‘zida jami 597 mingdan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tdi.

Xususan, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 137 ming 120 kishi, maishiy xizmatlar 172 ming 179 nafar, xalq iste'moli mollari ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish 66 ming 579, sanoat yo‘nalishida 99 ming 555, axborot-kommunikatsiya yo‘nalishida 10 ming 947 va ijtimoiy yo‘nalishlar bo‘yicha xizmatlar sohasida 110 ming 705 kishi ro‘yxatga olingan.

Avvalroq Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov Kun.uz’ga bergan intervyusida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va ular uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma'lumot bergan edi.

Ma'lum qilinganidek, 2020 yil 1 iyuldan O‘zbekistonda ixtiyoriy ravishda rasman o‘zini o‘zi band qilish boshlangan. Unga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs haqiqatda ishlagan vaqtidan qat'i nazar, 2021 yil uchun 223 ming so‘m to‘lashi yetarli bo‘lishi qonunchilikda belgilangan.

Top