09:55 / 12.02.2021
6098

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi tomonidan Ustyurtda tabiiy gaz qazib chiqarilishi, ishchi-xodimlarning yashash hamda ishlash sharoitlari o‘rganildi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari tomonidan Ustyurtda joylashgan Jamiyatga tegishli obektlarda yangi istiqbollarni aniqlash va o‘zlashtirishga qaratilgan ishlarning holati o‘rganildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasining aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarining neft va gaz mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishni ta’minlash maqsadida, uglevodorod xomashyosini qazib chiqarishni oshirish borasida bir qator qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu maqsadlarda bajarilgan ishlar doirasida 2021 yilning yanvar oyida Ustyurt regionining “Quyi Surgil” konidagi 14-sonli quduqda yangi istiqbolli qatlamlar aniqlanib, ularda neft va gazning mavjudligini sinash natijasida kunlik 900 ming kub metr tabiiy gaz va 20 tonna gaz kondensati mahsulotlari olishga erishildi.

Boshqaruv raisi Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish maqsadida, “Quyi Surgil” konida bo‘ldi va hozirda 5-izlov va 20-ishlatish quduqlarida amalga oshirilayotgan burg‘ilash ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Geologik ma’lumotlarning tahlili asosida 5-quduqni 4250 metrga chuqurlashtirishga qaror qilinib, hozirda 4080 metrgacha bo‘lgan masofada burg‘ilash ishlari o‘rganildi.

Boshqaruv raisi tomonidan “Quyi Surgil” 5-sonli qudug‘ida mukammal tahlillarni amalga oshirish orqali, konning chuqur geologik tuzilishini o‘rganish, mahsuldor qatlamning istiqbollarini, shuningdek, yangi neft hamda gazga istiqbolli qatlamlarini baholash hamda sanoat miqyosidagi uglevodorod zaxiralarini o‘stirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“Quyi Surgil” konida sanoat miqyosida o‘zlashtirish ishlari jadal davom ettirilib, ushbu regiondagi boshqa bir qator konlarning ham qo‘shimcha, yangi istiqbollarini ochish belgilab olindi.

“Ishchi guruh” a’zolari tashrif davomida “Sharqiy Berdaq” konidan uglevodorodlar qazib chiqarish hajmini oshirish maqsadida, olib borilayotgan ishlar, shuningdek, yangi 91-, 92-sonli qiya yo‘naltirilgan quduqlardagi burg‘ilash ishlari holatini borib ko‘rishdi.

Ushbu quduqlarning “O‘zbekneftgaz” AJ bo‘yicha tabiiy gaz qazib chiqarishni ta’minlash borasida alohida ahamiyatga ega ekanligi qayd etilib, ulardagi burg‘ilash ishlarining har bir jarayonlarini oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda, mukammal bajarish lozimligi va bu ishlarga barcha zarur resurslarni jalb etish zarurligi ta’kidlandi.

Burg‘ilash ishlari tugatilganidan so‘ng, quduqlardagi har bir mahsuldor qatlamlarning sinash ishlarini alohida dastur asosida yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan holda amalga oshirish bo‘yicha tegishli vazifalar berildi.

Shu kunning o‘zida tabiiy gaz qazib chiqarilishini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida “Sharqiy Berdaq” siquv kompressor stansiyasida qilinayotgan ishlar, mavjud muammolar va ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.

Bu yerda amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari birma-bir ko‘rib chiqilib, ishchi-xodimlar bilan muloqot o‘tkazildi. Ularning mavjud muammolari aniqlandi va joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Boshqaruv raisi ishchi-xodimlar bilan yaqindan suhbat qurdi, ular uchun nimalar qilinishi bilan qiziqdi hamda ularning sharoitlarini yanada yaxshilash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Ushbu topshiriqlar ijrosini shaxsan o‘zi nazorat qilishini bildirgan Boshqaruv raisi, ishchi-xodimlarga mashaqqatli mehnatlari uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi va ular uchun har doim yordam berishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Ta’kidlash kerakki, bu siquv kompressor stansiyasining asosiy vazifasi “Sharqiy Berdaq” va “Shimoliy Berdaq”, “Arslon” hamda “Inom” gaz konlaridan kelayotgan kam oltingugurtli tabiiy gazlarning bosimini ko‘tarishdir.

Shu bilan bir qatorda, “Sharqiy Berdaq” gazni kompleks tayyorlash qurilmasining kirish qismidagi bosim ham bir me’yorga keltiriladi.

Konlardagi past bosimli gazlarni qazib olish orqali gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirish maqsadida, stansiyadagi gaz haydash agregatining kompressorlarida modernizatsiya ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Modernizatsiya ishlari jarayonida kompressorning ichki qismlari yechib olinib tozalandi va profilaktika ishlari bajarildi. Endilikda yangi “SPCh” uskunalarini o‘rnatish va kompressorni qayta yig‘ish ishlari amalga oshiriladi.

Ushbu agregatdagi barcha avtomatik qurilma va o‘lchash uskunalari nazorat tekshiruvidan o‘tkazildi hamda bir qancha texnik jihatdan murakkab hisoblashlar asosida ta’mirlash va sozlash ishlari olib borildi.

“Ishchi guruh” a’zolari tomonidan modernizatsiya jarayonlari barcha zarur ehtiyot qismlar bilan ta’minlanganligini e’tiborga olgan holda, tegishli mutaxassislarga ishlarni qisqa vaqt ichida yakunlash, stansiyani zaxira agregat bilan ta’minlash borasida tegishli topshiriqlar berildi.

Stansiyaning kelgusida barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida, omborxonalarda zarur ehtiyot qismlarning soz holatda saqlanishini va belgilangan me’yorlar asosida ishlatishni nazorat qilish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari ikki kun davomida Ustyurtda bo‘lib, tabiiy gaz qazib chiqarish va qayta ishlash borasida qilinayotgan ishlar holatini o‘rganish maqsadida, Buxoro viloyatida joylashgan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga jo‘nab ketdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top