15:24 / 12.02.2021
46491
Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar IIBBga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 fevral kuni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga tashrif buyurdi.

Dastlab bosh boshqarmaning axborot multimedia markazi faoliyati bilan tanishildi. Bu markaz eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jixozlangan, jinoyat va hodisalar to‘g‘risida tezkor xabarlar tayyorlash, brifing va matbuot anjumanlari o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Davlat rahbari bunday axborot markazi har bir boshqarmada bo‘lishi kerakligini, tizimdagi o‘zgarishlarni xalqqa yetkazib, aholining ogohligini oshirish zarurligini ta'kidladi.

«Hozir hamma telefonda, ijtimoiy tarmoqlarda. Odamlarni ichki ishlar bo‘limiga chaqiradigan yoki qog‘ozdagi murojaatini kutib o‘tiradigan zamon o‘tib bo‘ldi. Endi tuman va shahar boshqarmasini mahalla bilan bog‘laydigan, odamlar bilan onlayn muloqot qiladigan dasturiy mahsulot yaratish kerak. Butun ichki ishlar tizimi axborot texnologiyalari asosida ishlashi zarur», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tizimida foydalanilayotgan maxsus texnika va vositalarni ko‘zdan kechirdi.

Tashrif chog‘ida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining shon-sharaf muzeyi ochildi. Davlat rahbari uni kirib ko‘rdi.

Muzeyda tarixning turli davrlarida jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasining shakllanishi va rivojlanishi bosqichlari aks ettirilgan. Boshqarma shaxsiy tarkibining turli yillardagi xizmat kiyimlari, tabel qurollari, uskuna va maxsus vositalaridan namunalar ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

Muzeyning alohida bo‘limi ichki ishlar organlari faxriylari, xizmat burchini ado etish paytida halok bo‘lgan xodimlarga bag‘ishlangan.

Shu yerda jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta'minlash, jinoyatchilikni jilovlash ishlarini bevosita mahallalarda tashkil etish, profilaktika inspektorlarining bu boradagi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim loyihasi taqdimot qilindi.

Toshkent shahar IIBB Axborot multimedia markazi boshlig‘i - bosh boshqarma boshlig‘ining matbuot kotibi, kapitan Irina Sayfutdinovaning ma'lum qilishicha, yangi ish boshlagan bu markaz soha faoliyatini muntazam yoritib borish bilan birga jinoyatchilikning oldini olish, xavfsiz shahar tamoyilini amalga oshirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini ham bajaradi. Faoliyatiga qisqa muddat bo‘lganiga qaramay markaz tomonidan yuzlab roliklar tayyorlangan va OAVga tayyor holda taqdim etilgan.

Bundan avvalroq davlat rahbari ichki ishlar tizimini isloh qilish, soha samaradorligini oshirish, xodimlarning maoshlari va mehnat sharoitlarini yaxshilash masalalari bo‘yicha alohida yig‘ilish o‘tkazilishi xabar qilingandi.

Ayni paytda vazirlikda prezident rahbarligida soha faoliyatiga oid kengaytirilgan yig‘ilish davom etmoqda. 

Top