08:22 / 12.02.2021
22187

«Soniyasiga 100 dollargacha to‘lashga tayyor kompaniyalar bor» - animator G‘olibjon Sanokulov bilan suhbat

28 yoshli G‘olibjon Sanokulov Buxoro viloyati Olot tumanidan. U – WhiteLine Animation studio asoschisi, 3D animator va VFX Supervisor. G‘olibjon hozirda xorij bozori uchun multfilmlar tayyorlash bilan shug‘ullanmoqda.

«Osmondagi bolalar» loyihasiga bergan intervyusida G‘olibjon O‘zbekistonda multfilm ishlab chiqarish sohasi oqsayotgani sabablari, yaxshi animator uchun qanday xususiyatlar kerakligi haqida so‘z yuritdi.

«Xorijda soniyasiga 100 dollar, O‘zbekistonda esa tayyor mahsulotga 2–3 mln so‘m»

— Ayni paytda multfilmlar tayyorlash bilan shug‘ullanyapmiz. Chet eldan ham buyurtma olamiz, «O‘zbekfilm» bilan ham hamkorlik qilyapmiz.

O‘zbekistonda multfilm ishlab chiqarish sohasi oqsayotganining birinchi sababi mablag‘ga borib taqaladi. Yaxshi mutaxassis 2–3 mln so‘mga qanday qilib ishlashi mumkin? O‘zbek bozorida taklifni shunaqa berishadi.

Misol, chet elda bitta multfilm uchun soniyasiga shartnoma gaplashiladi. Animatsiya bo‘yicha soniyasiga o‘rtacha 45 dollar to‘lanadi. Osiyo davlatlari uchun narx shunaqa. Soniyasiga 100 dollargacha berishga tayyor kompaniyalar ham bor.

Marvel yoki Disney'da faqatgina amerikaliklar ishlayotgani yo‘q. U yerda o‘zbeklar ham bor. Misol uchun, yaqinda «Qirol sher», «Maugli»ning film variantini o‘zbek animatori tayyorladi.

Shunaqa bolalar chetga chiqib ketgan. Chunki ijodkor uchun erkinlik muhim. Bu yerda esa erkinlik juda ham kam. Tayyor qilingan ishga yetarli mablag‘ to‘lanmaydi. Bu narsa ijodkorning yo‘lini to‘sib qo‘yadi. Keyin esa ketish payiga tushadi.

O‘zbekistonda multfilm ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish uchun ta'limni kuchaytirish kerak. Bunga esa katta mablag‘ kerak.

Shuningdek, mulfilmlar milliylikni ham namoyon qilishi lozim. Tayyor multikni bir necha tilda tayyorlash va bozorda sota olish muhim. Bizda multfilm tayyorlanadi, ammo sota olmagani uchun tekinga televizorda qo‘yadi. Aslida tayyor mahsulot o‘z xarajatidan 2–3 baravar ko‘proq pul olib kelishi lozim.

Chet elda multfilm ishlab chiqarish uchun brendlar homiylik qiladi va filmning qaysidir qismida o‘sha brend reklama qilib ketiladi. Bu yaxshi biznes. Xorijda klip, kino, mulfilmlarda bu odatga aylangan. Chunki mahsulotni tayyorlash uchun bir kishi pul tikkanidan ko‘ra, homiylarni jalb qilish osonroq ham bo‘ladi. Bizda ham shu tendensiya paydo bo‘lishi kerak.

«Buyurtmalarning 90 foizini rad qilaman, chunki kadr yo‘q»

— Eng katta maqsadim – O‘zbekistonda juda ham ko‘p grafistlarni tayyorlash. Belarus va Ukraina hozir IT sohasida juda kuchli. Ukrainada dunyo bo‘yicha eng zo‘r grafistlar bor. Istardimki, O‘zbekiston ham chetdan buyurtma olsa.

Kunora chet eldan buyurtma tushadi. Ularni 90 foiz holatda rad qilishga majbur bo‘laman. Chunki kadr kam, ulgurmaymiz. Buyurtmalarni rad qilmaslik uchun esa jamoani kengaytirishim kerak, kuchli mutaxassis kadrlar kerak.

Chet elga chiqib ketmaganimga sabab ham O‘zbekistonda shu sohani rivojlantirish istagi. Agar hozir xorijga ketsam, boshqalar darajasida ishlayman. O‘zbekistonda qolib rivojlantirsam, bu yerda sohaning birinchilaridan bo‘laman.

«Multfilmlar g‘oyasi – muhim»

— Ilgari olayotgan buyurtmalarimning mafkurasiga e'tibor bermasdim. Keyin esa atrofimga yaxshi odamlar yig‘ila boshlagach, buyurtmalarimni qanday mafkurani targ‘ib qilayotganiga e'tibor berib qaratib oladigan bo‘ldim. Hozir o‘zimga g‘oyaviy jihatdan Indoneziyaning «Nussa va Rara» multfilmi yoqadi. Animatsion jihatdan esa Marvel va Disney mahsulotlari juda sifatli ishlanadi.

Kelajakda diniy ta'lim beruvchi multfilmlar yaratish uchun, chet el buyurtmalari bilan ishlash uchun, kinolar bilan ishlash uchun alohida-alohida jamoalar qilmoqchiman. Bularning barchasi esa kuchli mutaxassislar orqali bo‘ladi.

Animator bo‘lish uchun nima qilish kerak?

— Animatsiya sohasida ishlash uchun juda ham kuchli qiziqish bo‘lishi kerak. Agar maqsad faqatgina yaxshi pul topish bo‘lsa, bitta joyda qotib qoladi, o‘smaydi.

Yana, animatsiya bilan shug‘ullanish uchun juda katta sabr kerak. Deylik, bitta personaj qo‘li bilan xayr ishorasini qilishi uchun ikki soniya ketadi. Bu ikki soniyada esa 50ta kadr bor. Ya'ni ikki soniya tayyor mahsulot uchun 50ta kadrni animatsiya qilish kerak.

Men ham kun davomida 3–4 soniyalik mahsulot ustida ishlay olaman. Kadrning murakkabligidan kelib chiqib, bir yarim soniya bilan chegaralanishga to‘g‘ri kelishi ham mumkin.

O‘rtacha hisobda, besh daqiqalik multfilm tayyorlash uchun 10ta animator bir oy mehnat qilishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun multfilm tayyorlash kino olishdan ko‘ra ham qiyin va mablag‘ ham ko‘proq ketadi.

Suhbatning 1-qismi:

Top