17:26 / 13.02.2021
4589

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh Buxoroda tabiiy gaz qazib chiqarilishi va qayta ishlanishi holatini o‘rgandi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh a’zolarining Ustyurt hududidagi tabiiy gaz qazib chiqarilishi holatlari bo‘yicha o‘rganish ishlari yakunlanib, Buxoro viloyatidagi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi konlarida davom ettirildi.

Gazli hududida, avvalo, tabiiy gaz qazib chiqarish va gazni tayyorlash qurilmalarining ishlashi hamda barqarorligini ta’minlash bilan sifatli gaz yetkazib berish uchun olib borilayotgan modernizatsiya loyihalari o‘rganildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan bugungi kunda iste’molchilar va iqtisodiyot tarmoqlarining neft va gaz mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, uglevodorod xomashyosini qazib chiqarish hajmini oshirish borasida amaliy ishlar qilinmoqda.

Ushbu loyihalardan biri sifatida, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining «Yangiqazg‘on» konidagi Gazni dastlabki tayyorlash qurilmasida gaz sifatini talab darajasida tayyorlash hamda boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha modernizatsiya ishlarining olib borilayotganini aytib o‘tish joizdir.

«Yangiqazg‘on» koni 1967 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, qazib olinayotgan tabiiy gaz dastlabki tayyorlash qurilmasidagi mavjud 3 dona separatorlarda qatlam suvlari, mexanik birikmalar va gaz kondensatidan tozalanib, «O‘ztransgaz» AJga qarashli magistral quvurlarga uzatilib kelinmoqda.

Iste’molchilarni toza, sifatli tabiiy gaz bilan ta’minlash, ajratib olinayotgan gaz kondensatini qayta ishlashga jo‘natishga tayyorlash va uzatilayotgan tabiiy gaz hisobini yuritish jarayonlarini takomillashtirish maqsadida, joriy yilda ushbu kondagi Gazni dastlabki tayyorlash qurilmasida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.

Ushbu modernizatsiya ishlari holatini o‘rganish va tezkor tugatish maqsadida, Boshqaruv raisi ushbu konga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ishlarning har bir jarayonlarini o‘rganib chiqdi, shu bilan birga, tabiiy gaz sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash, uglevodorodlar hajmini oshirishni ta’minlash maqsadida, barcha zarur resurslarni jalb etish zarurligini ta’kidladi.

Boshqaruv raisi kon boshlig‘i hamda konda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi. Ishchi-xodimlarning ishlash va yashash sharoitlari o‘rganilib, mavjud muammolar aniqlandi.

Muammolarni qisqa fursatda bartaraf etish, tabiiy gaz qazib chiqarilishida samarali mehnat qilayotgan xodimlarni rag‘batlantirish hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«Neft-gaz qurilish va ta’mirlash» AJ qurilish va payvandlash jamoasi xodimlari tomonidan olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarini tez orada yakunlab, foydalanishga topshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Shu bilan bir qatorda, «Yangiqazg‘on» va «Yorqin» konlaridan tabiiy gaz qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha gazni yetkazib berish jarayonlarida texnologiya yo‘nalishida olib borilgan ishlar joyida o‘rganilib, ishlab chiqilgan geologik-texnik tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ishchi guruh joriy yilda Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarning bugungi kundagi ijro holati bilan tanishdi.

Boshqarma tomonidan hozirgi kunda jami 29 ta konda tabiiy gaz qazib chiqarish ishlari olib borilayotgani, shulardan 22 tasi 234 ta quduq bilan ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etayotgan bo‘lsa, yana 7 ta konda geologiya-qidiruv hamda konlarni o‘zlashtirishga tayyorlash ishlari bajarilayotgani borasida Boshqaruv raisiga axborot berildi.

Ta’kidlab o‘tish kerakki, 2021 yilda 55 ta quduqni burg‘ilash va 120 ta quduqda kapital ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 8 ta quduq burg‘ilandi, 4 ta quduq esa kapital ta’mirlanib ishga topshirildi. O‘tib borayotgan fevral oyida yana 4 ta quduqning burg‘ilanishi va 5 ta quduq kapital ta’mirlanib, ishlatishga topshirilishi ham ma’lum qilindi.

Boshqaruv raisi tomonidan «Chakkaqum», «G‘arbiy Haqqul» va «Haqqul» konlarida 18 terrigen Yura qatlamlarida sanoat miqyosidagi gaz oqimi olinganini inobatga olib, «Shimoliy suzma» konidagi 15 karbonat Yura qatlamiga qazilgan quduqlarni ham, 18 qatlam terrigen Yura yotqiziqlarigacha chuqurlashtirib, yangi istiqbollarini ochish borasida ishlarni davom ettirish kerakligi aytildi.

Tashrif davomida Boshqaruv raisi va ishchi guruh a’zolari tomonidan «Gazli» gazni qayta ishlash zavodidagi texnologik jarayonlar, avtomatlashtirish, Dastur bo‘yicha gazni qayta ishlash jarayonlarining uzviy qismi bo‘lgan infrastrukturaviy texnologik obektlarni ishga tushirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar holati ham o‘rganildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top