17:15 / 13.02.2021
6149

To‘raqo‘rg‘onda qonunga zid ravishda boshqa ishga o‘tkazilgan bog‘cha mudirasi lavozimiga tiklandi

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 7-sonli davlat MTT mudirasining ish joyi noqonuniy ravishda o‘zgartirilgani haqidagi murojaat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgandi.

Viloyat adliya boshqarmasining aniqlashicha, mudiraning ish joyini o‘zgartirishda Mehnat kodeksining 88-moddasi talablari buzilgan holda, ya'ni uning roziligi olinmasdan, viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasining buyrug‘i bilan u To‘raqo‘rg‘on tumani 44-sonli MTT mudirasi lavozimiga tayinlangan.

«Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan aniqlangan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va mudiraning ish joyini o‘zgartirish haqidagi viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasining buyrug‘ini bekor qilish haqida 2021 yil 3 fevralda taqdimnoma kiritilgan.

Taqdimnoma talablari bajarilib, fuqaroning buzilgan huquqlari tiklanib, u yana To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 7-sonli davlat MTT mudirasi lavozimiga qaytarilgan», – deyiladi Adliya vazirligi Kun.uz'ga taqdim etgan ma'lumotda.

Ta'kidlanishicha, viloyat MTB mansabdor shaxslari tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilmaganlik holatlari yuzasidan aybdor bo‘lganlarga nisbatan ma'muriy javobgarlik chorasini ko‘rish haqida viloyat bandlik bosh boshqarmasiga taklif kiritilgan.

Mavzuga oid
Top