14:39 / 14.02.2021
2705
Bolalar milliy tibbiyot markazida umumlashtirilgan gemato-onkologiya bo‘limi tashkil etildi

13 fevral kuni Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markazida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, «Ezgu amal» va «Zamin» fondi vakillari, mamlakatdagi tegishli ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari shifokorlari, vazirlik mas'ul xodimlari va OAV vakillari davra suhbati tashkil etildi.

Mazkur anjumanda 15 fevral —Xalqaro bolalar saratoni kasalligiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zbekistonda bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Yig‘ilishni ochib bergan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda yurtimizda bolalar gematologiyasi va onkologiyasi sohasini birlashtirish jarayoni tatbiq etilmoqda. Bu islohot Bolalar milliy tibbiyot markazida xalqaro standartlar asosida boshlandi. Yaqin istiqbolda ushbu markaz tajribasi asosida hududlardagi bolalar ko‘p tarmoqli markazlarida ham joriy etiladi.

O‘zbekistonda bolalar onkologiya va gematologiyasi sohasida, tibbiyot tili bilan aytganda, multidissiplinar yondashuv belgilanmoqda, populyatsion va gospital kanser-registrlarini shakllantirish, davolash protokollarida zamonaviy molekulyar, tsitogenetik tekshiruv va ilik transplantatsiyasi qo‘llash, o‘zak hujayralari bankini shakllantirish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda, palliativ yordam tizimining faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Nargiza Qosimova bu kasallikni yengish nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda qiyin kechayotganini ta'kidladi. Tadbirda onlayn ishtirok etgan Rogachev nomidagi bolalar gematologiya, onkologiya va immunologiyasi Milliy tibbiy tadqiqot markazi prezidenti, akademik Aleksandr Rumyansev videolavha orqali Rossiyada onkologiya va gematologiya sohasini rivojlantirish uchun 2004 yildan buyon ish olib borilayotganini va natijada bugungi kunda mamlakatda 64ta ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan bolalar ko‘p tarmoqli markazlari mavjudligini aytdi.

Jahon tajribasida bo‘lganidek, bolalar gematologiyasi va onkologiyasida davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlarning ham ahamiyatini inkor etib bo‘lmaydi. Chunki bir qator nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro jamoatchilik fondlari vakillari bu jarayonlarda faol ishtirok etib, bolalar salomatligi uchun kurashda ko‘mak berishmoqda. Ulardan biri «Ezgu amal» fondi hisoblanadi. Mazkur fond bu kasallikni yengishda 2020 yilda 200dan ortiq bolalarga o‘z yordamlarini berdi.

 «Bugungi kunda saraton kasalligi – bu hukm emas. Shuni xalqimizga yetkazishga harakat qilyapmiz», deydi «Ezgu amal» fondi vakili Munira Xo‘jaxonova.

Shuningdek, ayni kunda Bolalar milliy tibbiyot markazida 60 o‘rinli umumlashtirilgan bolalar gematologiya va onkologiya bo‘limi tashkil qilinmoqda. Hozirda bu bo‘limda 20ta o‘rin mavjud va bemor bolalarga xizmat ko‘rsatyapti. Bu yerda ushbu kasallikka chalingan bolalarni chet elda o‘qib kelgan bir guruh mutaxassislar tomonidan davolash samarali amalga oshirilmoqda.

Top