10:29 / 14.02.2021
7703

Livov, gil’otina, pochtalyon: Yumshatish (ь) belgili so‘zlar imlosidagi ayrim masalalar

Filolog Ravshan Jomonov o‘zbek-lotin alifbosidagi murakkab va munozarali holatlarni sharhlashda davom etadi. Navbatdagi videodars avvalgisining davomi bo‘lib, unda ham kirill yozuvidagi yumshatish (ь) belgili so‘zlarning o‘zbek-lotin alifbosida ifodalanishi haqida so‘z boradi.

Avval taʼkidlanganidek, bu belgi o‘zbek tilida fonologik, yaʼni maʼno farqlash xususiyatiga ega emas. Lekin o‘zbek lotin alifbosida yumshatish (ь) belgisi qatnashgan qo‘zlar transliteratsiya qilinar ekan, o‘ziga xos yondashuv talab qiladigan holatlar mavjud.

Hozirga qadar lotin alifbosida bosilib chiqqan darslik, o‘quv qo‘llanma va gazeta-jurnallardagi matnlarda yumshatish (ь) belgili so‘zlarning transliteratsiyasida xatoliklar uchrab turibdi. Quyida o‘sha xatoliklarning ayrimlari bilan tanishib chiqamiz.

  • батальон, почтальон, павильон, медальон

a) batal’on [батал’он], pochtal’on [почтал’он], pavil’on [павил’он],      medal’on [медал’он] — ushbu qatorda so‘zlarning noto‘g‘ri transliteratsiyasi va transkripsiyasi berilgan.

Yuqoridagi misollarga eʼtibor berilsa, «l»dan keyin tutuq «ʼ» belgisi qo‘yilgan. Buning noto‘g‘riligi shundaki, o‘zbek lotin alifbosidagi tutuq belgisi undosh harfdan keyin kelsa, o‘zidan oldingi harfni keyingisidan ajratib talaffuz qilinishini taʼminlaydi. Bu so‘zlar transkripsiya qilinsa, xatolik yaqqol ko‘rinadi.

б) batalyon [баталйон], pochtalyon [почталйон], pavilyon  [павилйон], medalyon [медалйон] — bu qatorda esa to‘g‘ri transliteratsiyasi va transkripsiyasi berilgan.

O‘zbek lotin alifbosida jonli talaffuzga muvofiq to‘g‘ri shakl yuzaga keladi.

  • Львов —  Lvov [лвов] — noto‘g‘ri shakl;
  • Livov (ливов) — to‘g‘ri shakl

Yumshatish (ь) belgisi bilan yoziladigan so‘zlardan biri joy nomi Львов shahri. Bu so‘zni lotin alifbosida Livov shaklida yozadigan bo‘lsak, salkam o‘zbekona talaffuzga yaqinlashadi. Shuningdek, bo‘g‘inga ajratishda ham muammo bo‘lmaydi.

O‘zbek lotin alifbosida juda ko‘p joy nomlari yoxud kishi ismlarini yozishda nazariy materiallarga qarash hamda kundalik yozuv amaliyotidan kelib chiqishimiz maqsadga muvofiq.

  • гильотина gilyotina [гилйотина] — noto‘g‘ri shakl;  
  • gil’otina [гил’отина] — to‘g‘ri shakl;

Ayrim bir so‘zlar borki, ularning transliteratsiyasi bo‘g‘in ajratish xususiyatiga borib taqaladi. O‘zbek tilida ko‘p bo‘lmasa-da, yuqoridagi гильотина kabi so‘zlar yozayotgan kishini ikkilantiradi. Bu o‘rinda bo‘g‘inga ajratish va to‘g‘ri talaffuz etish jihatidan tutuq «ʼ» belgisidan foydalangan maʼqul — gil’otina.

Xulosa qilib aytish mumkinki, yumshatish (ь) belgili so‘zlarni lotin yozuviga transliteratsiya qilish birgina buyruq asosida bajariladigan ish emas. Unga o‘ziga xos yondashuv zarur bo‘ladi.

Yigitali Mahmudov yozib oldi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid
Top