12:32 / 14.02.2021
1744
Yevrokomissar AstraZeneca vaksina zavodiga tashrif buyurdi
Foto: Reuters

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyer o‘z vakilini ilk bor koronavirus vaksinasi zavodiga yubordi. Terri Breton Belgiya g‘arbidagi Thermo Fisher Scientific zavodiga bordi va AstraZeneca preparatlarining Yevroittifoq davlatlariga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan vaksinalar yetishmovchiligi sababini aniqlamoqchi bo‘ldi. Shundan keyin ichki bozor bo‘yicha komissar bo‘lgan Breton «Yevronyus»ga bergan intervyusida mavjud muammoning ahamiyati va ko‘lamini bayon qildi.

«Yevropa tarixida, fikrimcha, aytish mumkinki, insoniyat tarixida vaksina ishlab chiqarish sanoat darajasida bunchalar tez boshlanmagan. Binobarin, muammolar kuzatilishi tabiiy hol. Bunday ko‘lamda ishlab chiqarish qilsangiz, sifatni ta'minlash barchasidan muhimroq, bu esa, butun jarayonni sekinlashtiradi. Biroq bugun ko‘rganlarimdan keyin maqsadlarimizga erishamiz deb ishonch bilan ayta olaman», dedi u.

Breton zavodni ko‘zdan kechirarkan, AstraZeneca vakillari Germaniyaning vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniyasi IDT Biologika bilan hamkorlik qilishini e'lon qildi. Har ikkala kompaniya ham joriy yilning ikkinchi choragida koronavirusga qarshi preparatni tezroq ishlab chiqarish va pandemiya davrida Yevropaning ehtiyojlarini qondirish borasida bosh qotirishmoqda. Ichki bozor bo‘yicha Yevrokomissar kelajak haqida ham gapirib o‘tdi.

«18 oy ichida vaksina masalasida mustaqil bo‘la olishimiz mumkinmi? Virusning shtammlari mutatsiyasini qanday kuzata olamiz? Qanday qilib barchasini tashkillashtirish mumkin? Avvalo nima qilmoq kerak? Vaksinaning yangi shtammlarga qarshi samaradorligiga qanday ishonch hosil qilish mumkin?», deya savollar qo‘ygan u.

Korxonani tark etarkan, Breton barcha ilmiy, tijoriy va jamoat tashkilotlari uzviy hamkorlik qilgan taqdirdagina Yevropa koronavirus xurujiga bardosh bera olishi mumkinligini bildirdi. «Ana shundagina bir necha yil emas, o‘n oy vaqt ichida tayyor bo‘lgan vaksina muvaffaqiyatli qo‘llanishi mumkin», dedi Breton.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top