20:29 / 15.02.2021
5850

2020 yilda aybdorlardan 1,1 trln so‘m miqdoridagi zarar undirilgan - Bosh prokuratura

Bosh prokuratura hay'atining 13 fevral kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan majlisida 2020 yilda prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdorlardan 1,1 trln so‘m miqdoridagi zarar undirilgani haqida so‘z bordi.

O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib borgan majlisda prokuratura organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2020 yildagi faoliyati natijalari muhokama qilingan.

Qayd etilishicha, 2020 yilda jamiyatda qonuniylikni ta'minlash maqsadida 96 mingga yaqin prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilib, 122 ming fuqaroning huquqlari tiklangan. Majlisda tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yo‘nalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilib, 4800 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangani, 21 mingdan ortig‘iga muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashilgani ta'kidlangan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra, prokurorlar sektorlaridagi 183 mingta ehtiyojmand oilaga har tomonlama ko‘mak berilgan, 150 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta'minlangan. Qisqa muddatda mazkur oilalarning qariyb 117 mingtasi yoki 84 foizi mahalliy kengashlar qarorlari asosida ehtiyojmandlar ro‘yxatidan ham chiqarilgan.

Top