14:43 / 15.02.2021
4662

Bill Geyts iqlimni qutqarishga 2 mlrd dollar ajratmoqchi

Milliarder dunyo sanoati atom energiyasidan voz kechmasligi kerakligini, chunki quyosh va shamol kabi muqobil energiya manbalari elektrga bo‘lgan ehtiyojni qoplashga yetmasligini aytdi. 

Foto: Dancing Crow Farm

Microsoft asoschisi Bill Geyts yaqin besh yil davomida global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga qaratilgan startap va loyihalarga ikki milliard dollar investitsiya kiritmoqchi. U bu haqda Handelsblatt nashriga bergan intervyusida aytdi.

Geytsning fikricha, jahondagi davlatlar iqlimni himoya qilishga qaratilgan tadqiqotlarga xarajatlarni kamida besh baravarga, yiliga 110 mlrd dollargacha oshirishlari kerak.

"Biz jismoniy iqtisodiyotni jadal sur'atlarda o‘zgartirishimiz zarur", - deb ta'kidladi u.

Milliarder shu bilan birga, dunyo sanoati atom energiyasidan voz kechmasligi kerakligini, chunki quyosh va shamol kabi muqobil energiya manbalari elektrga bo‘lgan ehtiyojni qoplashga yetmasligini aytdi.  

Bill Geytsning fikricha, kelajakdagi muqobil energiyalardan yana biri – bu vodorod yonilg‘isi. Undan foydalanib, sement va po‘lat ishlab chiqarishda is gazi ajralib chiqishini sezilarli darajada kamaytirish mumkin, deb hisoblaydi Microsoft asoschisi.

Geyts sayyoradagi ekologik vaziyat haqida gapirar ekan, iqlimni suv to‘ldirilgan vannaga qiyosladi.

"Hattoki kranni suv tomchilab turadigan darajada berkitsak ham bir kuni vannadan suv toshadi", - dedi u.

Mavzuga oid
Top