08:36 / 15.02.2021
1915
«El-yurt umidi» jamg‘armasining vazifalari kengaytirildi

Prezident tomonidan «Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yanada oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon imzolandi.

Norma’ning yozishicha, hujjatda mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasining qo‘shimcha vazifalari belgilandi. Ular jumlasiga quyidagilar kiritildi:

  • iqtidorli va istiqbolli davlat xizmatchilarini izlab topish, tanlash va rag‘batlantirish;
  • yangi avlod kadrlarini shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etishga ko‘maklashish;
  • xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda davlat xizmati va ta'lim sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etish;
  • xorijiy ta'lim, ilmiy va boshqa tashkilotlar, olimlar va ekspertlar, shuningdek vatandoshlar bilan hamkorlikda onlayn platformalarga asoslangan masofaviy ta'lim dasturlari, o‘quv kurslari va boshqa ta'lim, ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalarni amalga oshirish.

Ochiq stipendiya tanlovlari asosida xorijda bakalavriat, magistratura va doktoranturada ta'lim olish dasturlari Jamg‘armaning asosiy ta'lim dasturlari hisoblanadi. Dasturlar bo‘yicha nomzodlarni saralash tanlovi muntazam ravishda va O‘zbekistonning barcha fuqarolari uchun ularning respublikadagi ish va o‘qish joyidan qat'i nazar ochiq tarzda amalga oshiriladi. Jamg‘arma tomonidan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri buyurtmalari asosida istiqbolli va talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha stajirovkadan o‘tish dasturlari tashkil etiladi.
 
Jamg‘arma ta'lim dasturlari bo‘yicha nomzodlarning ochiq saralash tanlovi quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi:

  • davlat va jamiyat boshqaruvi;
  • qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq sohasi;
  • ta'lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy soha tarmoqlari;
  • iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari.

Jamg‘arma ta'lim dasturlari bo‘yicha ta'lim olgan stipendiatlarga stipendiat bilan tuzilgan shartnomada belgilangan tartib hamda muddat mobaynida vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari hamda davlat ulushi mavjud bo‘lgan tashkilotlarda uzluksiz ishlab berish majburiyati yuklanadi. Stipendiat uzrsiz sababga ko‘ra ta'lim dasturlaridan chetlashtirilgan taqdirda yoki Jamg‘arma ta'lim dasturlari tugallanganidan so‘ng mehnat faoliyatini davom ettirishdan bosh tortgan hollarda, Jamg‘arma tomonidan stipendiatning ta'lim olishi uchun sarflangan barcha moliyaviy xarajatlar u bilan imzolangan shartnoma shartlariga muvofiq stipendiat tomonidan qoplanadi.
 
Jamg‘armaga, istisno tariqasida, o‘z ta'lim dasturlarini tashkil etishi, respublikaga xorijiy olimlar va mutaxassislarni, shu jumladan vatandoshlarni jalb qilishi uchun quyidagilarni amalga oshirmagan holda xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi:

«Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUKda import kontraktlari (shartnomalari)ni majburiy tarzda ro‘yxatdan o‘tkazmagan holda;

birja tanlovlari va vakolatli organlarda kontraktlar (shartnomalar)ni ekspertizadan o‘tkazmasdan.
 
Bunda import kontraktlarini amalga oshirish muddatlari aynan ushbu kontraktlarda belgilangan muddatlar hisoblanadi.

Top