21:01 / 15.02.2021
9439
JSTga birinchi marta ayol kishi rahbar etib saylandi

Jahon savdo tashkiloti bosh direktori lavozimiga nigeriyalik iqtisodchi va xalqaro rivojlanish bo‘yicha mutaxassis Ngozi Okonjo-Iveala saylandi. Uni bu lavozimga tayinlash haqidagi qarorni JST bosh kengashi 15 fevralda qabul qildi.

Foto: AFP/Getty Images

E'tiborlisi, Okonjo-Iveala nafaqat ushbu lavozimni egallaydigan birinchi ayol, balki bu lavozimda Afrikaning ilk vakili bo‘ladi. Uning vakolatlari muddati 2021 yil 1 martda boshlanadi va 2025 yil 31 avgustda nihoyasiga yetadi.

JST rahbari lavozimi braziliyalik Robertu Azevedu uni tark etganidan keyin 2020 yil 31 avgustdan bo‘sh qolayotgandi. Azevedu ushbu lavozimni 2013 yildan boshlab egallab kelgan va uning ikkinchi 4 yillik muddati 2021 yil avgustda poyoniga yetishi kerak edi.

Ngozi Okonjo-Iveala 1954 yilda Nigeriyada dunyoga kelgan. 1973 yilda Garvard universitetiga o‘qishga kirib, uni a'lo baholar bilan tamomlagan. 

Okonjo-Iveala 25 yil davomida Jahon bankida rivojlanish masalalari bo‘yicha iqtisodchi bo‘lib ishlagan, so‘ngra 2007 yildan 2011 yilgacha uning boshqaruvchi direktori bo‘lgan. 

Top