14:01 / 16.02.2021
1505
«Ayritom» chegara-bojxona postida turizm axborot markazi tashkil etildi

Surxondaryodagi «Ayritom» bojxona-chegara postida tashkil etilgan turizm axborot markazida O‘zbekistondagi barcha turistik obektlar, mehmonxonalar, transport qatnovlari, ovqatlanish shoxobchalari va boshqa xizmatlar ko‘rsatish tarmoqlari haqida ma'lumot beriladi.

«Kobul–Termiz» MChJ tomonidan Surxondaryo viloyatidagi «Ayritom» chegara-bojxona postida turizm axborot markazi tashkil etildi. Bu haqda Davlat turizmni rivojlantirish qo‘mitasi xabar bermoqda.

Janubiy postda tashkil etilgan turizm axborot markazida turistlarga  mamlakatdagi barcha turistik obektlar, mehmonxonalar, transport qatnovlari, ovqatlanish shoxobchalari va boshqa xizmatlar ko‘rsatish tarmoqlari haqida ma'lumot beriladi. Markazda paynet va taksi xizmatidan foydalanish, O‘zbekistondagi aloqa operatorlarining sim-kartalarini sotib olish mumkin.

«O‘zbekistonga Afg‘onistondan mehmonlar Surxondaryo viloyatining «Ayritom» chegara bojxona posti orqali kirib keladi. O‘tgan yili mazkur post orqali 40 mingga yaqin yuk va yengil avtotransport vositasi harakatlanib, kuniga o‘rtacha 100-110ta transport bojxona nazorati va ko‘rigidan o‘tkazilgan. Yangi markaz viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi tomonidan o‘zbek va xorijiy tillardagi bepul turistik xaritalar, risolalar, flayerlar bilan ta'minlandi», deyiladi xabarda. 

Shuningdek, Surxondaryo viloyatida Termiz xalqaro aeroporti, temir yo‘l vokzali, Termiz arxeologiya muzeyi, «Termiz» davlat muzey-qo‘riqxonasida turizm axborot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Qo‘mita matbuot xizmatiga ko‘ra, joriy yilda Surxondaryo viloyatining Tojikiston bilan chegaradagi «Sariosiyo» bojxona-chegara postida ham turizm axborot markazi barpo etiladi.  

  • Bundan avvalroq Samarqand tumanida 8ta mehmonxona, anjumanlar zali, restoranlar, bog‘ va sayilgohni o‘z ichiga olgan turistik markaz qurilishi haqida xabar berilgan edi.
  • Shuningdek, Imom-Buxoriy majmuasida rekonstruksiya ishlari olib borilishi, unda xorijiy va mahalliy turistlar uchun maishiy xizmat va sanitariya-gigiyena shoxobchalari qurilishi haqida ma'lumot berilgandi.
Top