18:30 / 16.02.2021
10154

«Barselona» - «PSJ», Klopp Nagelsmannga qarshi. YeChL nimchorakfinal anonsi

 Nihoyat, uzoq kutilgan Chempionlar ligasi hal qiluvchi bosqich o‘yinlari boshlanmoqda. Bugun, 16 fevral, seshanba oqshomida Yevropada klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turnirning 1/8 final bosqich bahslariga start beriladi. Dastlabki kungi uchrashuvlar ro‘yxatidan «Barselona» - «PSJ» hamda «Leypsig» - «Liverpul» qarama-qarshiliklari o‘rin olgan.

Neymarsiz «PSJ» «Kamp Nou»da mehmon

Roppa-rosa to‘rt yil avval «PSJ» Chempionlar ligasi nimchorakfinalida «Barselona»ga qarshi maydonga tushib, Parijda 4:0 hisobida g‘alaba qozongan, Kataloniyada esa 1:6 hisobidagi qaqshatqich zarbani qabul qilib olgandi. O‘sha bahsda dublga erishgan Neymar yozda «Barselona»dan parijliklar safiga borib qo‘shilgandi. O‘shandan buyon Neymar sobiq jamoasiga qarshi maydonga tusha olmayapti – bu safargi bahs oldidan ham braziliyalik forvard jarohat sababli Messi yetakchiligidagi jamoaga qarshi o‘ynay olmaydi.

 Maurisio Pochettino qo‘l ostidagi «PSJ» YeChLdagi dastlabki o‘yinida Neymarsiz «Kamp Nou»dagi 4 yil avvalgi alamli mag‘lubiyat uchun revansh olishga intilishi aniq. Tarkibda Neymar bo‘lmasa-da, 2017 yil «Monako» bilan yarimfinalga qadar yetib borgan Kilian Mbappe bor.

Muhim bahs oldidan Ronald Kumanni jarohatdan endi qaytgan Breytveyt va Pikening jismoniy holati o‘ylantirishi mumkin. Qolaversa, Koutino, Serxi Roberto, Fati, Arauxo safda yo‘q. Pochettinoda ham muammolar yetarlicha. Neymardan tashqari, yarimhimoyachi Di Mariya va hujumkor himoyachi Bernat ham yordam bera olmaydi.

16 fevral (seshanba)
YeChL. 1/8 final. Dastlabki uchrashuv
«Barselona» - «Pari Sen-Jyermen»
O‘yin boshlanish vaqti: 01:00
TV-translatsiya: FutbolTV

Taxminiy tarkiblar:
«Barselona»:
ter Stegen; Dest, Mingesa, Langle, Alba; de Yong, Buskets, Pedri; Messi, Grizmann, Dembele
O‘ynamaydi: Koutino (jarohat), Serxi Roberto (jarohat), Fati (jarohat), Arauxo (jarohat)
So‘roq ostida: Pike, Breytveyt
«PSJ»: Navas; Florensi, Markinos, Kimpembe, Kyurzava; Guey, Verratti, Paredes; Ken, Ikardi, Mbappe
O‘ynamaydi: Bernat (jarohat), Neymar (jarohat), Di Mariya (jarohat), Dagba (jarohat), Pembele (jarohat)
Kartochka tufayli javob uchrashuvini o‘tkazib yuborishi mumkin: Peredes, Verratti

Klopp Nagelsmannga qarshi

«U ulkan iqtidor egasi», - degandi Yurgen Klopp uch yil avval Yulian Nagelsmann haqida «Liverpul» - «Hoffenhaym» o‘rtasidagi pley-off uchrashuvidan keyin. Uning fikri haligacha o‘zgargani yo‘q. 2017/18 yilgi mavsumda mersisaydlar Yulianning «Hoffenhaym» jamoasini mag‘lub etishgandi, ammo o‘tgan mavsum yarimfinalchisi sanalmish «Leypsig» - boshqa saviyadagi jamoa. Bu klub guruh bosqichi so‘nggi turida «MYu»dan pley-off yo‘llanmasini qanday tortib olganini barcha yaxshi eslasa kerak.

Qolaversa, «Leypsig» ayni damda «Liverpul»dan yaxshiroq sport formasida. Nagelsmann klubi so‘nggi to‘rt o‘yinida 4ta g‘alabaga erishib, Bundesligada 1-o‘rindagi «Bavariya»ni ta'qib etishda davom etayotgan bo‘lsa, Klopp jamoasi oxirgi 4 o‘yindan 3tasida mag‘lubiyatga uchrab, Premer-ligada 6-o‘ringa tushib ketdi. Shunday ekan, Vengriya poytaxti Budapeshtdagi «Pushkash-arena»ga ko‘chirilgan o‘yin oldidan Yuliandan ko‘ra Yurganning muammolari talaygina ekanligi ko‘rinib turibdi. Buni taxminiy tarkibda klublarning vaziyatidan ham bilib olish mumkin.

16 fevral (seshanba)
«Leypsig» - «Liverpul»
O‘yin boshlanish vaqti: 01:00
TV-translatsiya: UzReportTV

Taxminiy tarkiblar:
«Leypsig»:
Gulachi; Klostermann, Orban, Upamekano; Myukile, Zabitser, Kampl, Anxelino; Nkunku, Olmo; Poulsen
O‘ynamaydi: Forsberg (jarohat), Laymer (jarohat), Soboslai (jarohat)
So‘roq ostida: Henrixs (jarohat)
«Liverpul»: Alisson; Aleksander-Arnold, Qoboq, Henderson, Roberson; Tyago Alkantara, Veynaldum, Jons; Saloh, Firmino, Mane
O‘ynamaydi: Milner (jarohat), Matip (jarohat), Keyta (jarohat), Jota (jarohat), Gomes (jarohat), van Deyk (jarohat)
So‘roq ostida: Fabino (jarohat), Devis (jarohat), Kellexer (jarohat), Origi (jarohat)
Kartochka tufayli javob uchrashuvini o‘tkazib yuborishi mumkin: Henrixs, Klyuyvert, Konate, Zabitser – Milner, Veynaldum. 

Top