20:25 / 16.02.2021
6742
Bill Geyts insoniyatning asosiy muammosini aytdi

Microsoft asoschisi Bill Geyts insoniyat oldida turgan asosiy muammo 2050 yilgacha iqlim neytralligiga erishish ekanini va iqlimni saqlab qolishda atom energetikasi bosh rol o‘ynashini aytdi. 

Foto: EPA

Amerikalik tadbirkor bunday fikrni Avstraliya milliy jamoatchilik telekorporatsiyasiga bergan intervyusida bildirdi.

“Bu insoniyat oldida turgan eng og‘ir muammodir, chunki dunyo iqtisodiyoti – sement, po‘lat, transport, qishloq xo‘jaligi – ushbu barcha tarmoqlar o‘zgarishi lozim”, deb ta'kidlab o‘tgan Geyts.

Uning aytishicha, iqlimga salbiy ta'sirni atmosferadagi issiqxona gazlari hajmini qisqartirib yo‘qqa chiqarish mumkin. Atrof-muhitga chiqariluvchi asosiy chiqindilar ko‘mir, neft va gaz yoqishga asoslangan energetika bilan bog‘langan.

Geytsning aytishicha, quyosh va shamol energetikasi hozircha insoniyatni zarur energiya bilan ta'minlashga qodir emas. Iqlimni saqlash vazifasini hal qilishni faqatgina atom energetikasi o‘z zimmasiga olishi mumkin. 
 
“Yadroning bo‘linishi va termoyadro sintezi bunday katta ko‘lamda ishlay oladigan yagona narsalardir”, deb ta'kidlab o‘tgan Geyts.
 
Uning ta'kidlashicha, atom energetikasi odamlar tomonidan qabul qilinishi uchun yanada arzonroq va xavfsizroq bo‘lishi lozim.

Top