09:01 / 16.02.2021
2031
Bolalar milliy tibbiyot markazida yiliga 1500dan ziyod murakkab amaliyotni bajarish mumkin

Bolalar salomatligi – O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining eng ustuvor yo‘nalishi. Buning uchun ixtisoslashgan tibbiyot markazlari, zamonaviy klinikalar tashkil etilib, onalar va bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifati oshirilmoqda.

O‘tgan yili Toshkent shahrida ochilgan Bolalar milliy tibbiyot markazida yiliga 1500dan ziyod murakkab amaliyotni bajarish imkoniyati yaratilgan. Bu shifoxona onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan.

Albatta, ota-onalarni eng tashvishga soladigani bolalardagi gematologik va onkologik kasalliklardir. Bugungi kunda 12 mingdan ziyod fuqarolar oqqon va og‘ir irsiy gematologik kasallikdan aziyat chekmoqda.

Shu bois joriy yilda onko-gematologiya sohasi hamda davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha murakkab diagnostika va tibbiy amaliyotlar uchun budjetdan 250 milliard so‘m ajratildi.

Pandemiya bilan bog‘liq murakkab sharoitga qaramay, o‘tgan yili ham davlat budjetidan onkologik dori-darmonlar uchun 5,5 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ ajratilib, davolanish jarayonidagi o‘ta xavfli bo‘lgan uzilishlarga yo‘l qo‘yilmadi. Shifoxonalarni kimyoviy dori vositalari bilan ta'minlash ko‘rsatkichi avval 10-15 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib bu ko‘rsatkich 85 foizga yetgan.

 Nafaqat moddiy ta'minot, balki ilmiy yondashuvlarga ham katta e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, bolalardagi o‘tkir leykozlarda xalqaro davolash protokollari tatbiq etilmoqda. Natijada bolalar orasidagi o‘tkir limfoblast leykozlarda hayot sifatining yaxshilanishi 75 foizni, o‘tkir miyeloblast leykozlarda 45 foizni tashkil etmoqda. Bemor bolalar imkon qadar sog‘lom hayotga qaytarilib, yuzlab oilalarga quvonch ulashmoqda.

Shu o‘rinda eslash o‘rinliki, ilgari onkologiya va gematologiya dispanserlaridagi ahvol juda achinarli edi. Oxirgi yillarda bu yo‘nalishlarga katta mablag‘lar ajratilib, moddiy-texnik baza yangilandi. Albatta, hamma shifoxonalarni birdan qayta qurib bo‘lmaydi. Lekin vaziyat o‘zgargani, sharoitlar yaxshilanayotganini odamlar o‘z hayotida his qilmoqda.

Davolash metodikasi jahon standartlariga mos bo‘lishi uchun chet el tajribasi o‘rganib borilmoqda. Oxirgi to‘rt yilda bu sohadagi mutaxassislar Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya, Avstriya, Finlyandiya, Belarus kabi davlatlarda malaka oshirib keldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining “Tekshirish va davolash standartlari” xalqaro ESMO, NCCN, RUSSCO tashkilotlari standartlari asosida tayyorlangan va doim yangilab boriladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bolalar onkologiyasi bo‘limida bemorlarga tashxis qo‘yishda raqamli rentgen uskunasi, dopler ultratovush, endoskopik jamlanmalar, MSKT kabi eng zamonaviy diagnostik uskunalar asosida klinik-biokimyoviy laborator tekshirishlar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, o‘smalarning morfologik diagnostikasi uchun markazda tsitologik, gistologik va immunogistoximik tekshiruvlar mavjud.

Ular qatoriga yirik bo‘g‘imlarni endoprotezlash, qorin parda orti gigant o‘smalarini olib tashlash, yon a'zolarga o‘sgan o‘smalarda simultant, o‘smalarni laparoskopik olib tashlash amaliyotlari, buyrak rezeksiyalari, umurtqa pog‘onasi o‘smalarida rekonstruktiv amaliyotlar, suyak autoplastik amaliyotlarini kiritish mumkin. Bunday amaliyotlar Markaziy Osiyoda faqatgina mamlakatimizda bajariladi.

Jahonda gematologiya va onkologiya bo‘yicha davolash-diagnostika imkoniyatlari kengayayotgani bu sohalardagi islohotlarni davom ettirishni talab qilmoqda. Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 27 avgustdagi qarori bilan 2020-2022 yillarda bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Uning 14-bandida hududlardagi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarda umumlashtirilgan bo‘limlar joriy etish, «Bolalar gematologiyasi» va «Bolalar onkologiyasi» sohalarini umumlashtirib, dunyo standartlariga mos ravishda «Bolalar va o‘smirlar gematologiya va onkologiyasi» nomli sohani tatbiq qilish belgilangan. Bu tizim hozirda Bolalar milliy tibbiyot markazida yo‘lga qo‘yilgan. Boshqa hududlardagi ko‘p tarmoqli markazlarda ham joriy etilmoqda.

O‘zbekistonda bolalar onkologiya va gematologiyasi sohasida, tibbiyot tili bilan aytganda, multidissiplinar yondashuv belgilanmoqda. Populyatsion va gospital kanser-registrlarini shakllantirish, davolash protokollarida zamonaviy molekulyar, tsitogenetik tekshiruv va ilik transplantatsiyasini qo‘llash, o‘zak hujayralari bankini shakllantirish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda.

Bolalar gematologiyasi va onkologiyasi sohasini takomillashtirish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, nodavlat notijorat tashkilotlar, xalqaro jamg‘arma va ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Mutaxassislarimiz kasalliklarni erta aniqlash va ularni samarali davolashga doir xalqaro tajribani o‘rganish bo‘yicha doimiy izlanishda.

To‘g‘ri, jahon tajribasida bo‘lganidek, bolalar gematologiyasi va onkologiyasida davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda nodavlat tashkilotlarning ham ahamiyatini inkor etib bo‘lmaydi. Shunday ekan, maqsad va sa'y-harakatlarni birlashtirib, iloji boricha ko‘proq insonlarning, ayniqsa, yurtimiz kelajagi bo‘lmish bolajonlarning salomatligini asrash uchun hamkorlikda harakat qilish zarur.

  Gulmira Toshniyozova, Kun.uz muxbiri.

Top