19:20 / 16.02.2021
4538
Buxoroda ota aliment to‘lovi o‘rniga farzandi uchun uy va Nexia-2 sovg‘a qildi

Buxorolik ota aliment qarzdorligidan muddatidan oldin qutulish uchun farzandiga Nexia-2 avtomobili va uy hadya qildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 oktyabrdagi 808-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta'minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risida Nizom» alimentdan qarzdor fuqarolar uchun qarzdorlikni oldindan to‘lashi uchun imkoniyat yaratmoqda.

Majburiy ijro byurosining Buxoro shahar bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2019 yil 10 iyundagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor U.A.dan undiruvchi G.A. foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi M.A.ning moddiy ta'minoti uchun qarzdorning har oydagi ish haqi va boshqa turdagi barcha daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish to‘g‘risida ijro hujjatiga ko‘ra, qarzdor U.A.ning 2021 yil 1 fevral holatida alimentdan 13 mln 142 ming so‘m qarzdorligi mavjud bo‘lgan.

Davlat ijrochisi tomonidan alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta'minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risida tartib tushuntirilgach, qarzdor U.A. ijro hujjati bo‘yicha aliment oluvchi (voyaga yetmagan M.A.)ga uning 18 yoshga to‘lgunga qadar o‘zining nomida bo‘lgan Nexia-2 rusumli avtomashinani o‘zaro notarial kelishuv orqali hamda Buxoro shahar T.Farog‘iy ko‘chasidagi 2 xonali kvartirani hadya shartnomasi asosida o‘tkazib bergan.

Shundan so‘ng, davlat ijrochisi tomonidan qarzdor U.A.ga belgilangan barcha cheklovlar bekor qilinib, aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari amalda tamomlangan.

«Aliment to‘lovchi qarzdor otalar U.A.ning harakatlaridan o‘zlariga to‘g‘ri xulosa chiqarib olishadi, deb umid qilamiz», deyiladi MIB axborot xizmati ma'lumotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq boshqa bir buxorolik ota 3 farzandli bir ayoliga 537 mln, 2 farzandli ikkinchi ayoliga 274 mln to‘lab bergani xabar qilingandi.

Top