19:48 / 16.02.2021
4390

Chodakda aholining 24 foizi ichimlik suvi bilan ta'minlangan. Bu yerda 12,2 km uzunlikdagi magistral tarmoq tortilmoqda

Ayni vaqtda Namangan viloyatida bo‘lib turgan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi vakillari Chodak qishlog‘idagi ichimlik suvi muammosini o‘rganishmoqda. Mutaxassislar jami 3ta, ya'ni suv to‘planadigan, suvni filtrlaydigan hamda turli tozalash jarayonidan o‘tkazadigan obektlarni ko‘zdan kechirishgan.

Vazirlik matbuot xizmati xabar berishicha, mahalliy mutaxassislar bundagi asosiy muammo Chodak suv inshootida suvning yo‘qligi bilan bog‘liqligini ta'kidlashgan.

Namangan viloyati markazidan 125-130 km uzoqlikdagi Chodak qishlog‘ida jami 5 223ta xonadon, 6 917ta oila mavjud bo‘lib, ularda qariyb 32 ming aholi istiqomat qiladi. So‘nggi yillarda hudud aholisini ichimlik suvi bilan ta'minlash darajasi past bo‘lib kelgan.

Ma'lum bo‘lishicha, 2020-2021 yillar davomida Investitsiya dasturi doirasida «Chodak-1» va «Chodak-2» inshootlari orqali aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida 8 mlrd so‘m evaziga 12,2 km (7,2 km D-400, 5 km D-200) magistral tarmoq tortish rejalashtirilgan va ayni kunlarda bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Hozirgi kunga qadar pudrat tashkiloti tomonidan 10,1 km magistral tarmoq tortish ishlari yakunlangan. Mahallalardagi ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra jami 9 mlrd 899 mln so‘m, jumladan, 12,2 km yaroqsiz holdagi ichimlik suvi tarmoqlarini to‘liq rekonstruksiya qilish hamda suv inshootlariga zararsizlantirish uskunalarini o‘rnatish uchun 5 mlrd 229 mln so‘m, 5060ta xonadonni ichimlik suvi tarmog‘iga ulash uchun 7 km uzunlikdagi ichki ichimlik suv tarmoqlari tortishga 3 mlrd 170 mln so‘m, «O‘rta Xonobod» suv to‘plash inshootiga qo‘shimcha ravishda hajmi 500 kub metr bo‘lgan 2ta toza suv saqlash hovuzi va filtr stansiyasi qurish uchun 1 mlrd 500 mln so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Natijada Chodak qishlog‘ida yashovchi 32 ming 169 nafar aholining 27 ming 344 nafari (85 foizi) ichimlik suvi bilan ta'minlanadi.

Ma'lumot o‘rnida, bugungi kunda Chodak qishlog‘ining 7 ming aholisigina ichimlik suvi bilan ta'minlangan. Bu umumiy ko‘rsatkichning 24 foiziga teng.

Top