17:59 / 16.02.2021
2271
«Namangan HETK»: Namanganda mahallabay tizimida sharoiti og‘ir hududlarda elektr ta'minoti yaxshilanmoqda

«Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Ishchi guruhi tomonidan joylarda olib borilayotgan o‘rganishlar davomida ayni muhim jihatlarga e'tibor qaratilmoqda.

Namangan viloyati shahar va tumanlaridagi 71 ta mahalla fuqarolar yig‘inida elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar natijasida sharoiti o‘ta og‘ir deb topilgan, tuman sektorlari rahbarlarining e'tiboridan chetda qolib ketgan 11 ta hudud tanlab olindi.

Jumladan, Namangan tumanidagi To‘sar, Mingbuloqdagi Qora shahar, Kosonsoydagi Jar, Popdagi Yakkatut, To‘raqo‘rg‘ondagi Uzumzor, Uychidagi Daxiyakota, Uchqo‘rg‘ondagi Bo‘ston, Chortoqdagi Beshtol, Chustdagi Zuvutqan va Yangiqo‘rg‘ondagi Mamay mahallalarida amaliy ishlarga kirishildi. Rejaga muvofiq, mazkur hududlarda 24,2 km uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari tortilib, 10 ta yangi transformator punkti o‘rnatiladi. 23,3 km tarmoqdagi 12 ta transformator punkti mukammal ta'mirdan chiqariladi.

«Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori J.Rizayevning ma'lum qilishicha, joriy yilgi Davlat dasturi asosida viloyat bo‘yicha 1 ming 226 km elektr tarmoqlari tortilib, 300 ta yangi transformator punkti o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Uzumzor mahallasi To‘raqo‘rg‘on tumani markazidan ancha olis manzilda joylashgan chekka hududlardan biri. 1 ming 740 aholi istiqomat qilayotgan ushbu go‘shada 520 ta xo‘jalik bo‘lib, har birining o‘ziga yarasha masala va muammosi bor. Keyingi yillarda mavjud elektr tarmoqlarining ancha eskirib qolgani tez-tez uzilishlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu masalaga yechim topish maqsadida mahalladagi «Yoshlar» va «Barhayot» ko‘chalarida 1,4 km masofada past kuchlanishli elektr tarmoqlari tortilib, 65 dona yangi temir-beton tayanch qo‘yiladi. Shuningdek, mavjud uchta transformator mukammal ta'mirlanib, 250 kVAli yangi transformator o‘rnatilishi elektr energiyasidagi uzilishlarni bartaraf etishga xizmat qilishi e'tiborga loyiq.

Chust tumanidagi Zuvutqan mahallasi «qizil» ro‘yxatga kiritilgan bo‘lib, bu yerda to‘liq yangi tarmoq tortish ishlari amalga oshiriladi. Xususan, 109 dona temir-beton tayanch, umumiy uzunligi 2,7 km elektr tarmoqlari va quvvati 250 kVA bo‘lgan transformator punkti o‘rnatilishi belgilangan.

Ma'lumot uchun, davlatimiz rahbarining 2016 yil 23 noyabrdagi «2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil davomida mamlakatimiz hududlari bo‘ylab 25 ming 674 km elektr tarmoqlari tortilib, 8 ming 981 ta transformator punkti o‘rnatildi.

2021 yilgi Davlat dasturi asosida joriy yilda 15 ming km past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 4 ming dona transformator punktini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, shundan elektr ta'minoti og‘ir bo‘lgan 4 ming 767 ta mahalla hududida iste'molchilarga qulayliklar yaratish maqsadida 4 ming 206 km masofada elektr uzatish tarmoqlari, 1 ming 720 dona transformator punkti yangidan qurilishi birinchi galdagi vazifa sifatida belgilab olindi.

«Namangan HETK» AJ Matbuot xizmati

Top