19:01 / 16.02.2021
22725
Shaxmat taxtasidan tashqaridagi «o‘yin»lar. O‘zbekistonlik grossmeyster nega BAAga ketishga majbur bo‘lgandi?

Shaxmat – inson aqliy qobiliyatini rivojlantiradigan ajoyib o‘yin, ammo O‘zbekistonda uning mavqeyi haqida ijobiy fikr bildirish qiyin. Xalqaro shaxmat musobaqalari g‘oliblari va grossmeysterlarga doim ham yetarlicha e'tibor bilan qarashmagan.

Birlashgan Arab Amirliklariga safarimiz davomida 10 yildan ko‘proq vaqt ilgari O‘zbekistonni tark etgan o‘zbek grossmeysteri Sergey Qayumov bilan uchrashdik.

Sergey – 39 yoshda; shaxmatchilar oilasida tug‘ilgan. Otasi Dmitriy Qayumov – xalqaro grossmeyster, onasi Irina Qayumova – FIDE ustasi va xalqaro hakam. Sergey Qayumov 2011 yilda Dubayda shaxmat markazini ochgan va murabbiylik faoliyatini boshlagan.

U intervyusida O‘zbekistondan eng kuchli shaxmatchilarning chiqib ketishi sabablari, nima uchun vatanni tark etishiga to‘g‘ri kelgani va boshqa ko‘p narsalar haqida so‘zlab berdi.

(Intervyu 2021 yil 28 yanvarda Dubayda, Aziz Abduhakimov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi lavozimiga tayinlanishidan oldin tashkil etilgan).

– Sergey, nega bugungi kunda shaxmat kabi shunday intellektual o‘yin boshqa sport turlari bilan solishtirganda unchalik ommabop emas?

– Barcha sport turlari ichida qaysi biri eng ommabop?

– Futbol.

– Xo‘sh, nima uchun?

– Tomoshabop, hissiyotlar.

– Boshqa tarafi ham bormi? Chunki bu o‘yin qoidalari hamma uchun tushunarli. Futbol ko‘rib o‘tirgan odam bir daqiqa ichida o‘yinning ma'nosini tushunishi mumkin, ammo shaxmat o‘yini qoidalarini qanday tushunish kerak? (Kuladi). Ha, mabodo bir daqiqalik blits (tezkor shaxmat) bo‘lsa, hatto taxtada nima sodir bo‘layotganini tushunmasdan turib ham hissiyotlar shiddatini kuzatish qiziq, ammo afsuski, o‘yin qoidalarini hamma ham bilmaydi.

Lekin Kasparov, Karpov, Fisher o‘ynagan davrlarda shaxmat juda mashhur edi. Hozirda Karlsen (Magnus Karlsen – amaldagi jahon chempioni – tahr.) tufayli shaxmat yana ommalashmoqda, u shaxmatni yaxshi darajaga ko‘tardi. Bundan tashqari, «Qirolichaning yurishi» seriali ham katta shov-shuvga sabab bo‘ldi, chunki u shaxmatning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunmaydigan odamlar uchun ham qiziq edi.

– Har ikki taraf uchtadan yurish qilganidan keyin 9 milliondan ortiq kombinatsiya paydo bo‘lishi rostmi?

– Necha milliontaligini bilmayman, lekin ha, ularning soni juda ko‘p. Bir paytlar Garri Kasparov kompyuter bilan o‘ynaganida, kompyuter soniyasiga 20 million pozitsiyani hisoblab chiqqan (*aslida 200 million – tahr.).

Bu mavzuda gap boshlaganimizda so‘ramoqchiman: kim kuchli? Insoniyatmi yoki kompyuter?

– Qanaqasiga aylantirmang, albatta kompyuter kuchliroq, ammo inson hali ham kompyuterni mag‘lub eta olishi mumkin bo‘lgan ayrim pozitsiyalar bor – ular biror donani qurbon qilganingizda pozitsion deb ataladi, kompyuter esa tashabbusdan ko‘ra moddiy yutuqni afzal ko‘radi. Yaqinda 4 soat ichida shaxmat o‘ynashni o‘rganib, dunyodagi eng kuchli dasturni mag‘lub etgan yangi AlphaZero dasturi chiqdi.

Dunyodagi eng zo‘r 10 shaxmatchi hali ham ma'lum pozitsiyalar bo‘yicha kompyuterlar bilan raqobatlasha olishi mumkin, ammo «hisoblash» borasida kompyuterdan o‘tib ketish juda qiyin.

– O‘zbekistonni qachon va nima uchun tark etishga majbur bo‘lgansiz?

– 2002 yilda federatsiya (O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi – tahr.) bilan munosabatlarimiz yomonlashdi. Aniqrog‘i, butun federatsiya bilan emas, balki aynan bir kishi bilan – bu Turdaliyev Husan Xudayqulovich, u iste'fodagi MXX generali, bu haqda butun dunyo biladi, chunki turli musobaqalarga borganida uning o‘zi bu haqda gapirgan.

– Munosabatlaringiz nima uchun yomonlashgandi?

– Chunki oilamiz ochig‘ini gapira boshladi. 2003 yilda Qatarda erkaklar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi, unda otam va men qatnashishimiz mumkin edi, ammo federatsiya bizga ruxsat bermadi, aniqrog‘i Turdaliyev bizni chempionatga qo‘yishni istamadi. O‘shanda Qatar shaxmat assotsiatsiyasi prezidenti Al-Hitmiy Turdaliyevga shaxsan qo‘ng‘iroq qildi va bizni chempionatga qo‘yishni so‘radi, chunki joylar bor edi va biz barcha xarajatlarni o‘z zimmamizga oldik, federatsiyadan hech narsa talab qilinmadi. Ammo Turdaliyev faqat bittamiz qatnashishimiz mumkinligini aytdi va otam menga o‘z o‘rnini berdi.

Onam har doim o‘z fikrini gapirardi, Turdaliyevga esa boshqalarning o‘z fikri bo‘lishi yoqmasdi. U 2010 yilda federatsiyani tanqid qilgani uchun onamni 3 yilga, 2018 yilda esa bir umrga diskvalifikatsiya qildi.

Masalan, otam 13 yosh-u 1 oyligida grossmeyster bo‘lgan Nodirbek Abdusattarov bilan ishlagan. U Karyakindan (rossiyalik shaxmatchi Sergey Karyakin 12 yosh-u 7 oyligida tarixdagi eng yosh grossmeysterga aylangan, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan) o‘tib ketishi mumkin edi, ammo bunday bo‘lmadi, chunki federatsiya bunga qiziqmadi va unga homiylik qilmagan. U 2017 yilda Chigorin turniriga borib oxirgi grossmeysterlik normasini bajarganida unga ota-onasi homiylik qilgan. Ular Chimkentga, Chimkentdan Moskvaga, Moskvadan Sankt-Peterburgga borishgan, chunki moliyaviy jihatdan bu eng arzon yo‘l bo‘lgan. Federatsiya bunda umuman ishtirok etmagan. Bundan tashqari, Abdusattorov otamning shogirdi bo‘lgani uchun Turdaliyev «g‘ildirak orasiga tayoq suqdi».

Turdaliyevning ish uslubi qo‘rqitish. Onam militsiyaga chaqirildi, keyin sud bo‘ldi, go‘yoki onam klubga kelib, o‘zini nomunosib tutgan. Turdaliyevning atrofidagilar, uning xodimlari uning amri bilan hujjatlarga qo‘l qo‘yishgan. Dastlab onam sudda yutqazdi, chunki u hammaga qarshi bir o‘zi edi; keyin apellyatsiya berdi, advokat yolladi va sudda g‘olib chiqdi. Bu – onamda sudlanganlik bo‘lishi uchun qilingan. Onam hozirda FIDE (Xalqaro shaxmat federatsiyasi) bayrog‘i ostida chiqadi, chunki agar u dunyo reytingida O‘zbekiston bayrog‘i ostida bo‘lsa, federatsiyadan ruxsat olishi kerak, u yerdan esa hech narsa ololmaydi.

Shuningdek, u xalqaro hakamlik unvonini soxta hujjatlar orqali olgan deb taxmin qilaman. Buni ko‘pchilik biladi. Xalqaro hakam bo‘lish uchun avval milliy, keyin respublika toifasiga ega bo‘lish kerak. Unda bularning hech biri yo‘q edi. U shaxmatda 1999 yilda paydo bo‘lgan, o‘shanda Namanganda Osiyo chempionati bo‘lib o‘tgan, onam hakam, u esa tashkilotchi bo‘lgan. Hakam emasligiga qaramay, bosh kotib Adham Yunusovni hujjat berishga majbur qilgan. Onamning imzosisiz. Shu tarzda xalqaro hakam unvonini olgan.

U o‘z davrida farzandlarini ko‘tarishga urindi. Uning Xurshid ismli o‘g‘li va Taxmina ismli qizi bor. Ehtimol, u farzandlarini grossmeyster va xalqaro miqyosdagi ustaga aylantirishni orzu qilgandir, ammo yaxshiyamki yoki afsuski, bu amalga oshmadi. Keyin esa ularni hakam qilishga urindi. Taxminani hakamga aylantirdi, o‘g‘li uchun esa juda qiziq narsa o‘ylab topdi. Turdaliyev Husan Xudayqulovich bosh harflar bo‘yicha – Turdaliyev X.X., o‘g‘li – Turdaliyev Xurshid Husanovich– Turdaliyev X.X. 2009 yili mintaqaviy musobaqada o‘g‘liga unvon berish uchun o‘zining o‘rniga uni hakam sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu ma'lumot tarqalib ketdi, odamlar e'tiroz bildira boshladilar, keyin u buni amalga oshirishdan qo‘rqqan ko‘rinadi. Balki u qachondir bu hujjatlarni topshirar, bilmadim, ammo aslida o‘g‘li turnirlar ostonasini umuman hatlab o‘tmagan.

– O‘zbekistondagi shaxmat bilan bog‘liq vaziyatni qanday baholaysiz?

– Endi o‘zgarishlar bo‘lishiga umid bor. Prezidentning shaxmatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qarori chiqdi. Agar bu amalga oshsa, juda kuchli omil bo‘ladi. Ammo bu faqat O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbariyati o‘zgargan taqdirdagina yuz beradi, Turdaliyev bilan bo‘lsa hech narsa chiqmaydi.

Oxirgi vaqtda e'tibor bersangiz, Timur Gareyev Amerikaga butunlay jo‘nab ketdi, bu yigit juda iste'dodli, taxtaga qaramasdan o‘ynashda birinchi raqamli (Timur Gareyev 2016 yilda taxtaga qaramasdan bir seansda eng ko‘p o‘yin soni bo‘yicha jahon shaxmat rekordini o‘rnatgan: 48). Anton Filippov (grossmeyster) Qozog‘istonga ko‘chib ketdi. Jo‘rabek Hamroqulov (grossmeyster) ham Amerikaga ketdi. Andrey Kvon (grossmeyster) Singapurda murabbiy bo‘lib ishlayapti. Tohir Vohidov (grossmeyster) o‘z vaqtida 15 yil Bruneyda ishlagan. O‘sha jamoadan faqat Saidali Yo‘ldoshev O‘zbekistonda qoldi, qolganlari tarqalib ketdi.

Suhbatning to‘liq shaklini Kun.uz'ning YouTube-kanalida tomosha qiling.

Jamshidxon Ziyoxonov suhbatlashdi.
Operator – Muhammadjon G‘aniyev.
Toshkent – Dubay – Toshkent.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi atrofidagi vaziyat turli fikrlar uyg‘otmoqda. Kun.uz barcha tomonlarni tinglashga va nuqtayi nazarini taqdim etishga tayyorligini bildiradi.

Top