12:04 / 16.02.2021
5004

«Yaratgan o‘zi dardimni oluvchilarni yubordi» – Salomatlik aksiyasi doirasida namanganlik uch bemorda buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Namangan viloyatida boshlangan «Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!» shiori ostida o‘tayotgan salomatlik aksiyasi doirasida buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan uch bemorga yordam ko‘rsatilib, ular buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilishi uchun Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelindi. Bemorlarga yaqinlari o‘z buyraklarini berishga rozi bo‘lishgan.

«Uch yildan beri buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekib, bir yildan beri gemodializ muolajasini qabul qilib yurgan Mastura Fayziyeva dardiga davo izlab bormagan joyi qolmagandi. Uning oldida ikki yo‘l turardi: umrining oxirigacha gemodializ muolajasini qabul qilish yoki buyrak transplantatsiyasini amalga oshirish. Bu ikkki chorani ko‘rish ham ikki nafar farzandning onasi uchun moddiy tomondan qiyinchiliklar tug‘dirardi.

Unga buyrak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyotini faqat chet elda amalga oshirish mumkinligini aytishgandi. Farzandlarining baxtu kamolini ko‘rish, ularning boshida panoh bo‘lishni istagan ona yashab turgan uyini sotishga qaror qilgandi. Shunday kunlarning birida «Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!» shiori ostida o‘tayotgan salomatlik aksiyasi doirasida Namangan viloyatida bo‘lib turgan poytaxtlik shifokorlar mahalliy hamkasblari bilan birgalikda uning holidan xabar olib, uyiga kirib kelishdi...», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Ma'mura Yigitaliyeva opasi Mastura Fayziyevaga donorlik qiladi.

«Men uchun buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini Toshkent shahrida, hech qanday to‘lovsiz, beminnat qilib berishlarini aytishganida holatimni tasavvur qila olmaysiz. Bu Allohning menga bergan inoyati edi. Shunday og‘ir ahvolda turganimda shifokorlar kelib, mushkulimizni oson qilishdi. «Prezidentimizning topshirig‘i bilan sizlarga yordam bergani keldik», deyishganida iltijolarim Yaratganga yetib, o‘zi dardimni oluvchilarni yuborganini ko‘nglim sezdi. Ungacha ikki bolamning taqdiri nima bo‘lishini o‘ylab, xavotirda edim. 

Menga buyrak ko‘chirib o‘tkazishlari aniq bo‘lganida, o‘g‘lim: «Men ham katta bo‘lsam, sizni davolaydigan odamlarday jarroh bo‘laman», dedi. Bilasizmi, endi bolalarimning orzularini ko‘rish uchun ham hayotga umidim oshib ketdi», deydi bemor.

Salomatlik aksiyasi doirasida opa-singil birgalikda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.

«Jigaring yoningda dard bilan olishib tursa, chiday olmas ekan odam. Otamizning yoshlari 75ga yetgan bo‘lsa ham chora izlab bormagan joylari qolmadi. Aka-opalarimizdan qay birimizniki to‘g‘ri kelsa, buyragimizni berishga rozi edik. Mana, kelganimizdan beri shifokorlar shirin so‘zlarini ayashmayapti. Hammalari yuzlari tabassum bilan palatamizga kirib kelishadi. To‘g‘risi, bularni ko‘rib, erta-indin operatsiyaga kirishimiz kerak, degan qo‘rquv ham o‘z-o‘zidan qanday yo‘qolganini sezmay qoldim», deydi Ma'mura Yigitaliyeva.

Aksiya doirasida Namangan viloyati bo‘ylab yoyilgan tibbiyot sohasida mamlakatning eng malakali mutaxassislari har bir tumanda mahallabay tartibda uyma-uy yurib, tibbiy yordamga muhtoj aholi qatlamlariga joyida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishmoqda hamda bemorlarning holatiga, kasallik darajasiga qarab, tegishli muolajalarni amalga oshirishmoqda. 

10 fevraldan beri davom etayotgan ushbu xayrli tadbir doirasida avval turli sabablar bilan maxsus tibbiy tekshiruvlardan o‘tolmay yurgan xastahol yurtdoshlar «temir daftar»ga kiritilib, bepul tibbiy xizmat bilan ta'minlanmoqda. Ushbu ro‘yxatga kirgan fuqarolarga eng qisqa muddatlarda muolajalar belgilanmoqda.   

To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi 53 yoshli Valijon Ismoilov ham buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekardi. Mutaxassislar salomatlik aksiyasi doirasida unga buyrak transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazadigan bo‘ldi. Unga yaqinda chet eldan qaytib kelgan 26 yoshli o‘g‘li Odiljon donorlik qiladi.

«Bu xabarni eshitganimizda, butun oilamiz bilan xursand bo‘ldik. Otam kasallik aniqlanishidan oldin haydovchilik qilar edilar. Bizga halol mehnat bilan non-tuz yedirganlar. Chet elda ishlab, oila tebratishda ularga ko‘maklashardim. Ammo otamning ahvoli og‘irlashib borayotganini ko‘rib, chorasiz sezardik o‘zimizni. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari kelib, bizga holat yuzasidan tushuntirish berishganida, otamga o‘zim donorlik qilishga rozi bo‘ldim...», deydi Odiljon Ismoilov.

15 fevral kuni buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotidan muvaffaqiyatli chiqqan ota-bola Ismoilovlarning ahvoli hozirda shifokorlar nazorati ostida. 

Namangan viloyatida davom etayotgan salomatlik aksiyasi doirasida yana bir bemorda xuddi shunday buyrak ko‘chirib o‘tkazish jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Pop tumanida yashovchi 17 yoshli Mohinur ham shu og‘ir darddan aziyat chekib kelayotgan edi. Salomatlik aksiyasi doirasida Mohinurning onasi Iroda opa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga ham ona, ham donor sifatida olib kelindi.

«Qizim endigina talabalikning oltin davriga qadam qo‘ygan. Uning kasalligiga jimgina qarab turish qo‘limizdan kelmasdi. Bor imkonimizni ishga solib, davolatishga harakat qilayotgandik. Prezidentimiz yuborgan shifokorlar jonimizga oro kirdi. Ko‘zimga bolamning baxtidan boshqa hech narsa ko‘rinmas edi. Unga buyragimni berishga qaror qildim. Bizga shunchalik g‘amxo‘rlik qilayotgan insonlarga qanday rahmat aytishni ham bilmayman. Qo‘limizdan faqat duo qilish keladi, xolos. Davlatimiz hech birimizni yolg‘izlatib qo‘ymasligiga yana bir bor ishondim...», deydi ona.

«Bu bemorlarning barchasi donorlari bilan birgalikda shifokorlar nazorati ostida Namangan viloyatidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelinib, zarur tekshiruvlardan o‘tkazildi. Buyrak transplantatsiyasidek noyob operatsiyalar yurtimizning o‘zida o‘tkazilayotgani ko‘plab yurtdoshlarimizning mushkulini oson qilayotgani haqiqat.   

«Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!» shiori ostida o‘tkazilayotgan salomatlik aksiyasi sog‘ligida muammosi bor yurtdoshlarimizga shifo va darmon, oilalarga baxt va shodlik ulashishda davom etmoqda», deyiladi SSV xabarida.

Top