17:21 / 17.02.2021
5503
Abdulaziz Komilov Turkmaniston prezidenti bilan uchrashdi

Ashxobod shahriga amaliy tashrif bilan borgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan qabul qilindi.

Vazir O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston prezidentiga maktubini topshirgan.

«Uchrashuv chog‘ida oliy darajadagi tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosi yuzasidan fikr almashildi.

Qayd etilganidek, ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi natijasida davlatlararo munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyalar, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama aloqalar salmoqli darajada faollashdi. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham hamkorlik amalga oshirilmoqda.

Muloqotda Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, yangi mintaqaviy bozorlarga chiqish uchun infratuzilmaviy va transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi», deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.

Abdulaziz Komilov amaliy tashrif doirasida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan ham uchrashgan.

«Muzokaralar chog‘ida tashqi siyosiy idoralar rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, suv xo‘jaligi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar.

Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Markaziy Osiyodagi hozirgi vaziyat, mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha birgalikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, o‘zaro bog‘liqlikni yangi – mintaqalararo bosqichga olib chiqish uchun shakllanayotgan imkoniyatlarga alohida e'tibor qaratildi.

Vazir Turkmaniston tomonini joriy yil Toshkent shahrida o‘tkaziladigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusida yuqori darajadagi Xalqaro konferensiyaga taklif qildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida 2021-2022--yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi», deyiladi TIV xabarida.

Abdulaziz Komilov hafta davomida o‘z turnesi doirasida Tojikiston va Qozog‘istonda ham bo‘ladi.

Top