22:00 / 17.02.2021
7537
Ekologiya qo‘mitasi Xonoboddagi aerodrom bo‘yicha o‘rganish olib borilayotganini ma'lum qildi

Qashqadaryodagi Xonobod aerodromida radiatsiya va toksik nurlanish borligi haqida OAVda e'lon qilingan ma'lumotlar yuzasidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi o‘rganish boshlagan.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov yaqin kunlarda bu haqda ma'lumot berilishini ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Biroz orqaga qaytadigan bo‘lsak, paxta va g‘alla sohasida bizda juda katta plantatsiyalar bo‘lgan. Shu bois hududlarda kichik aerodromlar ham bo‘lgan, ularda esa samolyotda paxta ustiga sepiladigan kimyoviy moddalar bo‘lgan.

Kichik aerodromlar orqali parvoz qilgan kichik samolyotlar dala ustidan kimyoviy moddalarni sepishgan. Adashmasam, bizda 17 ta kimyoviy poligonimiz bor, undan tashqari shu paytgacha 33 ta kimyoviy poligonlarni rekultivatsiya qilib yopdik.

AQSh harbiylari xizmat olib borgan Qashqadaryodagi Xonobod aerodromi – harbiy hudud, qo‘riqlanadigan zona bo‘lgani uchun u yerga kirish imkoniyatimiz bo‘lmagan. Shu sababli hududning ekologik tahlilini yoki holatini shu paytgacha o‘rgana olmaganmiz. 2001 yildan boshlab ushbu hudud harbiylarning hisobida turgani bois aniqlik kirita olmaganmiz.

Bilishimizcha, o‘sha yerda ham xuddi shunaqa [kimyoviy dorilar ortilgan samolyotlar uchun mo‘ljallangan] aerodrom bo‘lgan ekan. Ya'ni insonning nafas yo‘llariga ta'sir ko‘rsatadigan darajada dalalarga dorilar sepishga jalb etilgan aerodrom bo‘lgan.

Biz, o‘zimizning laboratoriyalarimizda, u yerni o‘rganish ishini boshlaganmiz. Haqiqatda shu narsa bo‘lganmi o‘sha yerda, aytilayotgan gaplar haqiqatmi-yo‘qmi, shunga aniqlik kiritmoqchimiz. O‘sha bo‘yicha ish olib boryapmiz va yaqin kunlarda bu haqda ma'lumot beramiz», – dedi Islombek Boqijonov 17 fevral kungi matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, AQShning 45-prezidenti Donald Tramp lavozimidan ketishidan bir kun avval, 2021 yil 19 yanvarda O‘zbekistonga aloqador bir hujjatga imzo chekkan. Unda AQSh Mudofaa vazirligiga Amerika harbiylari joylashtirilgan O‘zbekistondagi baza atrof-muhiti tufayli safarbar etilganlarning toksik ta'sirlanishlariga doir masalalar bo‘yicha sinchkovlik bilan surishtiruv o‘tkazish, tadqiqot xulosa va natijalari umumlashtirilgan hisobotni prezidentga taqdim etish topshirig‘i qo‘yilgan.

Ma'lumot uchun, amerikaliklar K-2 («key-tu») deb atovchi Qarshi-Xonobod harbiy infratuzilmasi 2001 yil 11 sentyabr teraktlaridan keyin Afg‘onistonda aksilterror harakatlarini amalga oshirish uchun Vashington boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlariga operatsiya o‘tkaziladigan muddatga foydalanishga berilgandi.

2001–2005 yillarda ushbu aerodromda xizmat qilgan 15 777 nafar amerikalik harbiy xizmatchining 75 foizi, ya'ni 11 832 nafari saraton va boshqa kasalliklarni orttirgani aytilmoqda.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Bahrom Zulfiqorov Xonobod aerodromida radiatsiya va toksik nurlanish mavjudligi «mutaxassis bo‘lmagan odamlarning fikri» deb hisoblaydi.

U O‘zbekistondagi harbiy qismlarning barchasi radiatsion-kimyoviy bakteriologik vaziyatni nazorat qiladigan uskunalar bilan, harbiy xizmatchilar esa individual himoya vositalari bilan ta'minlangani, harbiylarda nurlanish alomatlari seziladigan bo‘lsa, ular zudlik bilan izolyatsiya qilinishi, shaxsiy tarkib esa evakuatsiya qilinishini aytdi.

Vazirlikka ko‘ra, bu masala yuzasidan AQSh tomoniga Tashqi ishlar vazirligining diplomatik kanallari orqali munosabat bildiriladi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi Harbiy tibbiyot fakulteti kafedra mudiri, tibbiy xizmat polkovnigi Nosir Fozilovning so‘zlariga ko‘ra, Xonobod aerodromi yaqinidagi aholi punktida yashayotgan fuqarolar ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, natijalar ularning sog‘lom ekanini ko‘rsatgan.

Fozilovning aytishicha, shu paytgacha o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar o‘rtasida biron marta nurlanish oqibatida yuzaga keladigan kasalliklar kuzatilmagan.

Top