21:46 / 17.02.2021
22022
Kim Chen Inning rafiqasi bir yil ichida ilk marta ommaga ko‘rinish berdi

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning rafiqasi Li Sol Ju bir yildan oshiq vaqtdan beri ilk marta jamoatchilik oldida ko‘rinish berdi. KXDRdagi davlat nashrlari xabariga ko‘ra, Li Sol Ju turmush o‘rtog‘i bilan uning marhum otasi, mamlakatning avvalgi rahbari Kim Chen Ir tug‘ilgan kun sharafiga bag‘ishlangan konsertga tashrif buyurgan.

«Nodon sinmun» gazetasi ma'lumotiga ko‘ra, seshanba kuni birinchi ledi o‘z turmush o‘rtog‘i bilan «Mansude» teatrida olqishlar ostida qarshi olingan. 

Konsertda Kim Chen Irni madh etgan qo‘shiqlar, shuningdek, bosh kotib Kim Chen Inning sharafiga yozilgan asarlar ijro etilgan.

Nashr tarqatgan suratda Kim va rafiqasi yonma-yon o‘tirib, tabassum bilan spektaklda qarsak chalayotgani aks etgan. Bosh kotibning rafiqasi konsert uchun to‘g‘nog‘ich bilan bezatilgan to‘q ko‘k rangdagi kostyum kiygan. E'tiborlisi, konsertga kelganlarning hech biri tibbiy niqob taqmagan va ijtimoiy masofa saqlashga rioya etilmagan.

Li Sol Ju avval ham bir necha marta turmush o‘rtog‘i bilan ommaviy tadbirlarga birga kelgandi, ammo o‘tgan yilning yanvaridan buyon OAVda u haqda hech qanday xabar chiqmagan. O‘shanda u va turmush o‘rtog‘i Yangi yil munosabati bilan «Samjien» musiqiy teatrining bayramona tomoshasiga borgandi.

KXDRning birinchi xonimining uzoq vaqt davomida ommaga ko‘rinish bermasligi uning sog‘ligi yomonlashgani yoki u homilador ekani haqidagi mish-mishlarni keltirib chiqargandi. Shuningdek, tahlilchilar Li Sol Ju mamlakatdan qochib ketgan degan taxminni ilgari surgandi.

Shu bilan birga, Shimoliy Koreya Milliy razvedka xizmati parlamentariylarni Li Sol Ju so‘nggi vaqtlarda koronavirusdan zararlanishdan qochib ommaviy tadbirlarda ishtirok etmagani va ko‘p vaqtini bolalar bilan o‘tkazgani haqida xabardor qilgani haqida xabarlar bor.

Bugungi kunga qadar KXDR hukumati mamlakatda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq birorta holat haqida xabar bermagan, ammo ekspertlar pandemiya ushbu mamlakatni chetlab o‘tganiga shubha bilan qarashadi.

Li Sol Ju kim?

Kim Chen Inning rafiqasi haqida ma'lumotlar deyarli yo‘q, hatto u qachon tug‘ilgani ham ma'lum emas. U KXDRning ziyolilar qatlamiga mansub, otasi o‘qituvchi bo‘lgan, onasi – shifokor.

OAV ma'lumotiga ko‘ra, Li muqaddam a'zolari hukumat tomonidan tasdiqlanadigan elita musiqa guruhi - Inxasu orkestrida qo‘shiq kuylagan.

Tahlilchi Chon Son-changning so‘zlariga ko‘ra, Li Sol Ju 2009 yilda Kimga turmushga chiqqan – Kim Chen Ir keksayib qolgani munosabati bilan to‘y tezlashtirilgan, u 2008 yilda insultni boshdan kechirgani aytiladi. Nikoh haqida Shimoliy Koreya OAV tomonidan rasman 2012 yilda e'lon qilingandi.

KXDR rahbarlarining rafiqalari orasida birinchi marta Li Sol Ju turmush o‘rtog‘i bilan jamoatchilik oldida ko‘rinish bergan. Li Sol Ju jamoat maydonida bo‘lmagan paytda Shimoliy Koreya yetakchisi rasmiy tadbirlarga o‘zining sobiq sevgilisi, shimoliy koreyalik pop yulduzi Xyon Son Vol bilan kelgan.

Janubiy Koreya nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, Kim Chen In va Li Sol Ju oilasida uch farzand tug‘ilgan.

Amerikalik basketbolchi, Kim Chen Inning do‘sti Dennis Rodman ushbu juftlikning qiziga Ju E deb ism qo‘yilgani, shuningdek, Kim yaxshi ota ekani haqida gapirib bergandi.

Shimoliy Koreya nashrlari xabariga ko‘ra, teatrga kelishdan oldin Kim Chen In otasi va bobosi dafn qilingan Kimsusan memorial majmuasini ziyorat qilgan.

KXDRdagi davlat agentliklari Kim Chen Inni yana prezident deb atay boshlashgach, bungacha «rais» atamasi qo‘llab kelinayotgandi. Shimoliy Koreya markaziy telegraf agentligi o‘tgan haftada «prezident» atamasidan foydalangan.

Avval KXDR prezidenti rutbasi Kim Chen Inning bobosi, Shimoliy Koreya asoschisi Kim Ir Senga nisbatan qo‘llangan, u 1998 yildan keyin «KXDRning abadiy prezidenti» deb atala boshlangan. Uning o‘g‘li va vorisi Kim Chen Ir esa «KXDRning buyuk rahbari» maqomini olgan. Keyinchalik u «Yo‘lchi yulduz» deb ham atalgan.

Top