09:40 / 17.02.2021
5169
Samarqandda xorijlik fuqarodan tovlamachilik yo‘li bilan 20 ming dollar olmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Samarqandda Birlashgan Arab Amirliklari fuqarosi bo‘lgan shaxsdan tovlamachilik yo‘li bilan 20 ming AQSh dollari olmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda ma'lum qilinishicha, 2021 yil 16 fevral kuni Samarqand viloyati IIBga, BAA fuqarosi bo‘lgan shaxs murojaat qilib, Samarqand shahrida yashovchi J.Z. ismli ayol tanishi, uning qo‘l telefonida bo‘lgan shaxsiy video va fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qo‘rqitib, ularni tarqatmaslik evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilayotganini bildirib, tovlamachiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Ta'kidlanishicha, BAA fuqarosi bo‘lgan shaxsning murojaati bo‘yicha 16 fevral kuni Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda 1994 yil tug‘ilgan, Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasida yashovchi J.Z. ariza muallifidan 20 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni tovlamachilik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib hujjatlashtirilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top