22:55 / 17.02.2021
24368

Toshkent viloyati va poytaxt hududida o‘nlab avtomobillarni tunagan guruh fosh etildi

Bundan tashqari, ular Zangiota tumanidagi xonadonlardan biridan sakkiz bosh qo‘yni o‘g‘irlab, sotib yuborishganligi aniqlangan.

Foto: IIBB axborot xizmati

Toshkent viloyati va poytaxt hududida 30ga yaqin avtotransport vositalari ichida bo‘lgan pul va qimmatbaho buyumlarni o‘zlashtirgan guruh qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, joriy yilning 20 yanvar kuni Toshkent tumani «Ko‘hinur» mahallasida yashovchi fuqaro F. Akbarov tuman IIBga ariza bilan murojaat qiladi. U arizasida 19 yanvardan 20 yanvar kuniga o‘tar kechasi uyi oldida qoldirgan Shangan avtomashinasining eshigi noma'lum shaxslar tomonidan ochilib, avtomashina salonida bo‘lgan bir million so‘mlik antiradar moslamasi, 250 ming so‘mlik audio magnitofon va boshqa mayda buyumlar hamda 300 ming so‘m miqdoridagi naqd pul olib ketilganligini bayon qilib, bu ishni sodir etganlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘raydi.

Holat yuzasidan Toshkent tumani ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida 5 fevral kuni ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumon qilingan bir guruh shaxslar (Zangiota tumanida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan M.S., 2001 yilda tug‘ilgan M.Sh., 1993 yilda tug‘ilgan D.N. va 2003 yilda tug‘ilgan Sh.T. hamda 2005 yilda tug‘ilgan I.M.) qo‘lga olinadi.

“Shuningdek, surishtiruvlar davomida ushbu uyushgan guruh Toshkent viloyati va poytaxt hududida 30ga yaqin turli avtotransport vositalarini g‘ayriqonuniy ochib, transport ichida bo‘lgan pul va qimmatbaho buyumlarni talon-toroj qilib kelganligi aniqlanadi.

Jumladan, ular Toshkent tumani «Oqtom» mahallasi hududida 16 yanvar kuni Damas, Lacetti va Matiz avtomashinasini, 18 yanvar kuni «Ko‘ksaroy» mahallasida Nexia avtomashinasini, 20 yanvar kuni esa «Ko‘hinur» mahallasida Shangan va Cobalt, «Ko‘ksaroy» mahallasida Gentra va yana bir Nexia avtomashinalari eshiklarini buzib ochib, ichidagi narsa va buyumlarni talon-toroj qilgan”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ular 3 fevral kuni Zangiota tumani va Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlari hududidan 21 ta turli rusumdagi avtomashina ichidagi narsa va buyumlarni olib voqea joyidan yashiringan.

Bundan tashqari, ular 25 yanvar kuni Zangiota tumanidagi xonadonlardan biridan sakkiz bosh qo‘yni o‘g‘irlab, sotib yuborishganligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Toshkent tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan.

Top