00:05 / 17.02.2021
9688

Tramp 1871 yilda qabul qilingan qonunni buzishda ayblandi

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp yanvarda Kapitoliy binosida yuz bergan tartibsizliklar yuzasidan 1871 yilda qabul qilingan “Ku-kluks-klan qonuni”ni buzishda ayblandi. Ushbu hujjat kongressga o‘z majburiyatlarini bajarishida to‘sqinlik qilishni taqiqlaydi.

Foto: TASS/EPA

16 fevralda Missisipi shtatidan demokrat, vakillar palatasining ichki xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Gordon Tompson Tramp ustidan Vashington okrug sudiga ushbu mazmunda shikoyat arizasi topshirdi. 

“Ayblanuvchilar to‘sqinlik qilishga harakat qilishdi va natijada kongressning keyingi prezident va vitse-prezidentni saylashda o‘z burchini ado etgan a'zolarini ushlashdi”, deyilgan shikoyat arizasida.

Trampdan tashqari, ayblanuvchilar orasida uning advokati Rudi Juliani va “Mag‘rur yigitlar” ultrao‘ng tashkiloti ham bor. Arizaga ko‘ra, ular 6 yanvarda Kapitoliyda yuz bergan tartibsizliklarga boshqaruvchilik qilishgan hamda “har qanday qarshilikni yengish uchun yetarli harbiy turdagi yordamni ko‘rsatishgan”.

“6 yanvar mamlakatimiz tarixidagi eng sharmandali kunlardan biri bo‘ldi va prezident tomonidan keltirib chiqarildi. Uning tarafdorlari ko‘magida Kapitoliy ishg‘ol qilindi, bu esa mening va hamkasblarimning hayotini xavf ostiga qo‘ydi”, deb aytgan Tompson.

6 yanvarda Tramp tarafdorlari Vashingtondagi Kapitoliy binosiga bostirib kirishgandi. O‘shanda yuz bergan tartibsizliklar davomida 5 kishi halok bo‘lgan. Bu voqealardan bir necha soat oldin esa Tramp o‘z tarafdorlariga murojaat qilib, saylovlardagi mag‘lubiyatini tan olmasligini aytgan va tarafdorlarini kurashni to‘xtatmaslikka va kongressmenlarga o‘z noroziliklarini yetkazishga chaqirgan. Keyinroq kongressdagi demokratlar Trampning bu so‘zlarini Kapitoliyni ishg‘ol qilishga undash deb baholashgan.

“Ku-kluks-klan qonuni” 1871 yilda mamlakat janubidagi kongressmenlar ishiga xalaqit qilgan “Ku-kluks-klan” irqchilik tashkilotining tahdidlariga javoban qabul qilingan.

Mavzuga oid
Top