23:02 / 18.02.2021
6096

BMT bosh kotibi jami vaksinalarning 75 foizini zaxiralab qo‘ygan boy davlatlarni tanqid qildi

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish koronavirusga qarshi vaksinalarning tarqatilishi “dunyo hamjamiyati uchun eng katta ma'naviy sinov” ekanini aytdi. U, shuningdek, dunyodagi jami vaksinalar hajmining 75 foizini o‘ziga zaxiralab qo‘ygan 10ta eng yirik davlatni tanqid qildi. 

Foto: AP

Guterrish bu haqda BMT Xavfsizlik kengashining koronavirusga qarshi emlashga bag‘ishlangan yig‘ilishida aytib o‘tdi. BMT rahbari “Katta yigirmatalik” davlatlari doirasida vaksinalarning dunyo miqyosida tarqatilishi masalalari bilan shug‘ullanuvchi ishchi guruhni tashkil qilishni taklif qildi.

Shu bilan birga, Guterrish ayni vaqtda emlash jarayoni adolatsiz o‘tkazilayotganini ta'kidlab o‘tdi: dunyoning 10ta eng yirik davlati koronavirusga qarshi vaksinalarning jami hajmining 75 foizini o‘ziga zaxiralab qo‘ygan hozirgi vaqtda, 130ta davlat hali biror dona vaksina olmagan. “Agar virusga o‘rmon yong‘ini kabi tarqalishga yo‘l berilsa, u takror va takror mutatsiya qilaveradi. Bu esa pandemiyaning cho‘zilishiga olib kelishi va virusni haqiqiy o‘latga aylantirishi mumkin”, deb aytgan BMT bosh kotibi. 

Shu munosabat bilan BMT yetakchisi global emlash rejasini ishlab chiqishni taklif qilgan. U «G-20» mamlakatlari ushbu rejani tuzish bo‘yicha favqulodda tezkor guruh tashkil qilishi kerak, deb hisoblaydi.

«Biz joriy yil oxiriga qadar Covid-19’ga qarshi 2 milliard doza vaksina sotib olishni rejalashtiryapmiz. Bu har yili 100ta davlat nomidan sotib olinadigan 2 milliard dozaga teng boshqa vaksinalar miqdoriga qo‘shimcha hisoblanadi», dedi BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) rahbari Genriyetta For.

YuNISEF dunyoning yetakchi aviakompaniyalari bilan hamkorlik qilishini e'lon qildi. Ular jamg‘armaga butun dunyo bo‘ylab vaksinalarni yetkazib berishda yordam beradi.

Avvalroq, Bolalar jamg‘armasi Pfizer kompaniyasi bilan COVAX tashabbusi doirasida 40 million doza vaksina yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma imzolagandi.

Vaksinalar taqsimlanishi masalasi xalqaro tashkilotlar tomonidan birinchi marta ko‘tarilayotgani yo‘q. 2020 yil dekabrdayoq People`s Vaccine xalqaro alyansi ishtirokchilari, jumladan Amnesty International, Frontline AIDS, Global Justice Now va Oxfam kabilar past daromadli 70ta davlatda 10 kishidan 9 nafari 2021 yilda koronavirusga qarshi emlanmasligini, chunki hozirda ishlab chiqarilayotgan vaksinalarning aksariyat qismi boy davlatlar tomonidan sotib olinganini aytishgan. Alyans o‘shanda aholisi dunyo aholisining 14 foizini tashkil qiluvchi boy davlatlar koronavirusga qarshi istiqbolli vaksinalarning 53 foizini sotib olgani va bu hajm ularga o‘z aholisini bir necha marta emlashga yetishi mumkinligini aytgandi. 

Hozirda vaksinalar sotib olish borasida Kanada yetakchilik qilmoqda. U o‘z aholisini 4 marta emlashga yetadigan vaksinani zaxiralab qo‘ygan. Moderna kompaniyasi ishlab chiqargan hamma vaksina va Pfizer/BioNTech kompaniyalarining 96 foiz vaksinasi boy davlatlar tomonidan sotib olib bo‘lingan. Alyans vaksina ishlab chiqaruvchilarni ko‘proq vaksina ishlab chiqarish uchun JSST orqali o‘z texnologiyalari bilan bo‘lishishga chaqirgan.

Top