13:47 / 18.02.2021
4992

“O‘zbekneftgaz”: Bosh buxgalterlar va mutaxassislar uchun “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asoslari” bo‘yicha treninglar tashkil etildi

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan qator yillar uchun MHXS asosida tuzilgan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot va ularning “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan auditdan o‘tkazilishi va ijobiy auditorlik xulosalari bilan birga rasmiy ravishda (www.ung.uz veb-saytida) e’lon qilingani to‘g‘risida axborot berib borilgan edi.

MHXS asosida konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni tuzishda, albatta, “O‘zbekneftgaz” AJ shu’ba korxonalarining hisobotlari ham MHXS asosida tuzilishi katta ahamiyatga ega hisoblanadi. Ushbu masalani hal etishda shu’ba korxonalardagi bosh buxgalterlar va MHXS bo‘yicha mutaxassislar birinchi navbatda MHXS bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi shart.

Albatta, MHXS asosida konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot tuzishdan tashqari, qonun hujjatlari va/yoki MHXSning talablariga muvofiq, konsolidatsiyaga qo‘shiluvchi shu’ba korxonalar tomonidan mustaqil ravishda o‘z moliyaviy hisobotlarini MHXS asosida tuzib, taqdim etishlari talab qilinishi mumkin.

Bu o‘rinda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan 2020 yilning 24 fevralida qabul qilingan PQ–4611-sonli Qaror talablarini eslatib o‘tish joiz. Chunki mazkur qarorga muvofiq, davlat aktivlarini boshqarish agentligiga 2020 yildan boshlab, ushbu qarorning 1-bandida ko‘rsatilmagan davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va davlat korxonalarining MHXS asosida buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobotni tayyorlashga o‘tish jadvali har yili tasdiqlanishi va 1 iyunga qadar rasmiy veb-saytida e’lon qilinishini ta’minlash vazifasi yuklangan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi PQ–4388-sonli Qaroriga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJ restrukturizatsiya qilindi va 2020 yil 1 yanvar holatida 40ga yaqin bevosita shu’ba korxonalariga egalik qilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning shaxsiy tashabbuslari bilan tizimda shu’ba korxonalarning bosh buxgalterlari va mutaxassislarini ham MHXS kurslarida Jamiyat hisobidan o‘qitish bo‘yicha 2020 yil 10 noyabrda 367-son buyruq tasdiqlanib, tegishli ravishda o‘tkazilgan konkurs natijasida g‘olib bo‘lgan “Profi Training” Biznes-maktabi tomonidan o‘qish jarayonlarini boshlab yuborish ko‘rsatmasi belgilandi.

“O‘zbekneftgaz” AJning shu’ba korxonalari, ayniqsa, neft bazalari respublikamizning barcha viloyatlarida joylashgani va har bir viloyatlarda alohida o‘qish jarayonlarini tashkil etish murakkabligi, karantin choralariga e’tibor bergan holda, 19 ta shu’ba korxonalaridan jami 26 ta bosh buxgalter va MHXS bo‘yicha mutaxassislar Toshkent shahrida joylashgan, ko‘rkam, shinam va qulay sharoitlarga ega bo‘lgan "Velara Hotel” mehmonxonasiga joylashtirilib, mazkur mehmonxona konferens-xolida o‘quv jarayonlari tashkil etildi.

“MHXS asoslari” nomli mazkur o‘quv kursi boshlanib, o‘quv rejasiga muvofiq, 18 martga qadar davom etadi. Ushbu o‘quv kursida shu’ba korxonalarimiz xodimlari MHXS va moliya sohasi bo‘yicha o‘z bilimlarini yuksaltirishi, rahbarlar, investorlar va aksionerlar uchun moliyachilar tilida ma’lumotlarni taqdim etishni o‘rganishlari, mustaqil ravishda MHXS asosida buxgalteriya balansi, foyda yoki zarar to‘g‘risida hisobot, pul oqimlari to‘g‘risida hisobotni tuzish imkoniyatiga ega bo‘lishlari, foyda solig‘i va kechiktirilgan soliqlarni hisoblash, uzoq muddatli aktivlar bo‘yicha amortizatsiyani hisoblash, aktivlarning haqqoniy qiymatini hisob-kitob qilish va moliyaviy hisobotda aks ettirish kabi xususiyatga ega bo‘lgan masalalarni o‘rganish imkoniga ega bo‘lishadi.

Shu’ba korxonalarimizning bosh buxgalterlari va MHXS bo‘yicha mutaxassislariga mos ravishda bilim berish va ko‘nikmalarni o‘rgatish maqsadida, “Profi Training” Biznes-maktabining tajribali va mahoratli biznes-treneri Svetlana Korolyova jalb etilgan.

Albatta, har doim odat bo‘lganidek, o‘quv-trening natijalariga ko‘ra, shu’ba korxonalarimiz xodimlari sinov imtihoni topshirishadi va ijobiy ko‘rsatkichlarga erishganlar boshqa biznes kurslarida tahsil olishadi hamda Biznes-maktabning alohida sovriniga ega bo‘lishadi.

MHXS joriy etish bo‘limi boshlig‘i X.Tuxsanov Ⓣ

Mavzuga oid
Top