16:28 / 18.02.2021
6910
Prezident Chustdagi to‘qimachilik korxonasida bo‘ldi

Davlat rahbari Chust tumanidagi «Chust textile» xususiy korxonasini borib ko‘rdi.

«Yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash - davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi. Shu maqsadda shahar va tumanlarda to‘qimachilik majmualari tashkil etilmoqda. Chunki buning uchun xomashyo, infratuzilma va bozor bor.

«Chust textile» korxonasi «Namangan» erkin iqtisodiy zonasi hududida tashkil etilgan. Fabrikaning ikkita kompleksida 1 ming 300 kishi mehnat qilmoqda.

Korxona buyurtmaga qarab, barcha turdagi ustki va ichki kiyimlarni ishlab chiqarishi mumkin. 2020 yilda qariyb 2 ming tonna mato hamda 5 million 200 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilib, Italiya, Rossiya, Qozog‘iston va Tojikiston kabi davlatlarga 9 million dollardan ziyod eksport qilingan. Joriy yilda eksportni 12 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident korxonadagi ish jarayonini, tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirgan.

«Ilgari egilib paxta ekardik, egilib terardik, lekin boshqa davlatlarni boqardik. Oxirgi yillarda yaratilgan imkoniyatlar tufayli yangi korxonalar paydo bo‘lyapti, tadbirkorlar emin-erkin rivojlanyapti, qayta ishlash darajasi oshyapti. Klasterlar tuzib, paxtani egali qilganimiz uchun uning sifati ham o‘zgaryapti. Paxta sifatli bo‘lsa, tadbirkorga oson bo‘ladi, mahsuloti sifatli, raqobatbardosh bo‘ladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Korxona binolari ko‘p materiallar sarflanmay, angar usulida barpo etilgan. Natijada qurilishning o‘zidan 6 million dollar iqtisod qilingan.

Davlat rahbari buning mahsulot tannarxiga, raqobatbardoshligiga ta'sirini ta'kidlab, boshqa to‘qimachilik majmualarini ham shunday loyiha asosida qurish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

«Chust textile» loyihasining umumiy qiymati qariyb 12 million dollar bo‘lib, uch bosqichga mo‘ljallangan. To‘liq quvvatda yiliga 5 ming tonna mato, 15 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi. Ishchilar sonini 2200 ga yetkazish rejalashtirilgan.

Shu yerda Namangan viloyatida amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalari taqdimot qilindi.

Top