15:52 / 18.02.2021
4121
Prezident qarorida Uzun va Denov tumanlarining chegarasini o‘zgartirish masalasi nazarda tutilmoqda

Prezidentning “2021–2023 yillarda Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotog‘ hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorda hudud aholisi uchun bir qator muhim yangiliklar belgilandi.

Jumladan, Bobotog‘ hududida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida 2024 yil 1 yanvarga qadar:

  • yangi tashkil qilinadigan tadbirkorlik sub'yektlari, shu jumladan klaster tashkilotlari yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, foyda solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, kichik korxonalar aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat'iy miqdordagi daromad solig‘ining;
  • jismoniy shaxslar yer solig‘i va mol-mulk solig‘ining 50 foizini to‘lashdan ozod qilinadi.
  • Viloyat va tuman hokimligi bir oy muddatda salohiyatli tadbirkorlarga Bobotog‘ hududida qayta foydalanishga kiritiladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini biriktirib beradi hamda sabzavot-polizchilik, mevali bog‘ va uzumchilik, chorvachilik yo‘nalishidagi klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

Shuningdek, hududda tun-u kun xizmat ko‘rsatadigan navbatchi hamshiralik guruhi tashkil etiladi.

Qaror bilan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi 2021-2022 yillarda Bobotog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligining tog‘ va tog‘oldi hududlarida 1400 gektar maydonda pista plantatsiyalari barpo etishga mas'ul etib belgilandi. 

Bundan tashqari, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab kelgusi uch o‘quv yili davomida Uzun tumani Bobotog‘ hududidagi yoshlar uchun davlat grantlari bo‘yicha kvotalarni oshirish limitlari doirasida Surxondaryo viloyatida pedagogika va tibbiyot yo‘nalishlaridagi oliy ta'lim muassasalariga qo‘shimcha maxsus kvotalar ajratiladigan bo‘ldi.

Bunda, maxsus kvota bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan yoshlar oliy ma'lumotga ega bo‘lganidan so‘ng, o‘z hududida kamida 5 yil davomida mehnat qilishi lozimligi nazarda tutilmoqda.

Qarorda Uzun tumanining hududiy tuzilishiga oid masala ham nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra viloyat hokimligi 1 oy muddatda Denov tumanidagi “Nurli kelajak”, “Jiydabuloq”, “Bobotog‘”, “Pahlavon” va “Do‘g‘ob” mahallalarini Uzun tumaniga o‘tkazish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga iltimosnoma kiritishi ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil oxiriga qadar Bobotog‘ hududida Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari uchun namunaviy (ko‘p qavatli 30 xonadonli turar joy binolari) loyihalar asosida xizmat uylari qurilishi ham vazifa qilib tayinlangan.

Top