03:29 / 18.02.2021
11148

Tojikistonda Pomirdagi ikki cho‘qqi qayta nomlandi  

Foto: Anadolu

Tojikistonda Pomirning g‘arbidagi Fanlar akademiyasi tizmasida joylashgan ikkita cho‘qqi qayta nomlandi.

Jumladan, Korjyenevskaya cho‘qqisi “Ozodi”ga, “Ozodi” esa “Sangtalak”ga o‘zgartirildi, deb xabar berdi “Aziya plyus” agentligi.

Tojikistonning til va atamashunoslik qo‘mitasi raisi Olimjon Muhammadjonzodaning ma'lum qilishicha, 2020 yilda qo‘mita aholi punktlarining 844ta nostandart nomlanishini ko‘rib chiqib, ularni qayta nomlash bo‘yicha loyihalar tayyorlagan.

Korjyenevskaya cho‘qqisi Fanlar akademiyasi tizmasining shimoliy qismida, Tojikiston va O‘rta Osiyoda eng baland hisoblangan Ismoil Somoniy cho‘qqisidan 13 km shimolda joylashgan bo‘lib, balandligi 7105 metrni tashkil qiladi. Cho‘qqi 1910 yilda rus geografi Nikolay Korjyenevskiy tomonidan ochilgan. Tadqiqotchi cho‘qqini o‘zining rafiqasi Yevgeniya Korjyenevskaya sharafiga shunday atagan.

“Ozodi” cho‘qqisi (endilikda Sangtalak) esa Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon tashabbusi bilan 2009 yilda shunday nom olgan. Bungacha esa 6230 metr balandlikka ega cho‘qqi nomsiz bo‘lgan.

Top