14:09 / 18.02.2021
100913

«Zulfiya» mukofoti sovrindorining jinoyat sodir etishi ilk marta ro‘y bergani aytildi

«Zulfiya» mukofoti sohibasi Sevara Abdulhakimova

17 fevral kuni Kun.uz «Bir jinoyat izidan» ko‘rsatuviga asoslangan holda Toshkentda mudhish jinoyat sodir etgan guruhga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar qildi.

Unda 31 yoshli tadbirkorni o‘ldirib, uning jasadini bo‘laklarga ajratib, chuqurga ko‘mib yuborgan shaxs va uning jinoiy sheriklariga sud hukmi o‘qilgani hamda jinoyatchilardan biri «Zulfiya» mukofoti sohibasi Sevara Abdulhakimova ekani haqida so‘z boradi.

Mavzu ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilina boshladi. Izohlar orasida Sevara Abdulhakimovadan mukofotini olib qo‘yish kerakligi haqida fikr bildirganlarni ham ko‘rish mumkin. Kun.uz muxbiri mavzu yuzasidan mutasaddilarga murojaat qildi.

«Bunaqasi birinchi marta» — Elmira Bositxonova

O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining sobiq raisi, hozirda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaga ko‘ra, «Zulfiya» mukofoti sovrindorlari orasida jinoyat sodir etish amaliyoti birinchi bor yuz bermoqda.

«Shu bois, bizda bu borada aniq mexanizmning o‘zi ham yo‘q. Mukofotga loyiq ko‘rishni prezident tasdiqlaydi. «Zulfiya» nomidagi davlat mukofotini ta'sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi prezident farmonida bu ko‘rsatilmagan. Demak, jinoyat sodir etgan Sevara Abdulhakimovadan ham mukofoti olinmasa kerak», deydi Bositxonova.

Saodat Boymirzayeva: «Nizomda mukofot olib qo‘yilishi ko‘zda tutilmagan»

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Saodat Boymirzayevaga ko‘ra, «Zulfiya» mukofoti bo‘yicha nizomda ham va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda ham jinoyat sodir etgan qizdan mukofot olib qo‘yilishi nazarda tutilmagan.

«Bu mukofot va uning imtiyozi bir marta beriladi. Sevara Abdulhakimova esa o‘ziga berilgan imtiyozdan foydalanib bo‘lgan.

Bundan keyin ham shunday. Mukofotni olgan qiz uning imtiyozidan bir marta foydalanadi. Ya'ni maktab o‘quvchisi bo‘lsa, mukofotni olgach bakalavr bosqichiga o‘qishga imtihonsiz kira oladi, bakalavrni bitirgan bo‘lsa, magistraturaga.

«Zulfiya» mukofoti laureati degani doimiy foydalaniladigan yoki doimiy imtiyoz beradigan mukofot emas.

Bu haqda normativ-huquqiy hujjatlarda hech narsa deyilmagani uchun mukofot ham olib qo‘yilmaydi», – dedi u.

Hasan Toshxo‘jayev: «Qotillikni "Zulfiya" mukofoti qildimi?»

Xotin-qizlar qo‘mitasining sobiq matbuot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev ham mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

«Muhokama markazida voqeaning o‘zi emas, uning qahramonlaridan biri «Zulfiya» mukofoti sohibasi ekani turibdi.

Ayrimlar: «Mana, bu mukofot kimlarga berilgan...» deya shov-shuv ko‘tarishga ham urinishmoqda. Go‘yoki qariyb 22 yildan beri Zulfiya mukofoti faqat noloyiq kimsalarga tarqatilgandek...

Ochig‘ini aytaman, men sobiq Xotin-qizlar qo‘mitasining matbuot xizmatida ishlagunimga qadar «Zulfiya» mukofotini olgan yoki unga yillar mobaynida nomzod bo‘lgan bir talay tanishlarim bor edi. Ularning barchasi odobi, axloqi, madaniyati, ma'naviyati, bilim va salohiyati bilan boshqalardan andak ajralib turishi ham bor gap edi. Lekin bu ular bir umr mana shunday yashashadi, degani emasligini hammamiz ham yaxshi bilamiz, anglaymiz.

Zero, inson — o‘z nomi bilan «unutuvchi».

Qolaversa, har qanday mukofot shaxsning avvalgi xizmatlari uchun beriladi va bu uning kelgusi taqdiri ham mana shunday kechishini anglatmaydi.

Jurnalist Aziza Qurbonova bugun bildirgan bir fikrda haq: ayrim maqolalarda sarlavhaga «Zulfiya» mukofotining atayin olib chiqilishi jurnalistik etikaga zid. Bu shunchaki o‘sha maqolaning o‘qishliligini oshirish uchun qilingan harakat, madaniyatsizlik. Obunachi uchun hech narsadan qaytilmasligini ko‘rsatuvchi «signal».

Zero, qotillikni «Zulfiya» mukofoti qilgani yo‘q. Bu mukofotni olganlar esa «Hech qachon qotillikka qo‘l urmayman», deb qasam ichishmagan ham.

O‘zbekistonda shu kungacha 339 nafar xotin-qiz «Zulfiya» mukofotiga loyiq ko‘rilgan. Yolg‘on bo‘lmasa, shularning qariyb 50 nafari bilan shaxsan tanishman. Va men bilgan «Zulfiya»chilar ham siz-u biz kabi oddiy inson. Ularning qanoti yoki shoxi yo‘q. Qachonlardir qilgan ishlari, erishgan yutuqlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangani tufayli shu yuksak darajaga erishganlar. Biroq bu ular endi bir umr shunday yashab o‘tadilar, degani emas.

Boz ustiga, bu – taqdir. «Zulfiya»chi qizning boshiga tushgan ko‘rgilik mening boshimga tushmaydi», deb hech kim ishonch bilan ayta olmasa kerak. Ayta oladiganlar ham ertaga o‘zlari mana shu holga tushsalar, «Yaxshiyamki, «Zulfiya» mukofotini olmaganman» deb o‘zlarini ovuntirsalar kerak... Yana bilmadim...

Har ne bo‘lganida ham, Alloh barchamizni adashishdan, xato qilib qo‘yishdan O‘zi asrasin.

Yana bir gap. To‘rt imom zikr etgan sahih hadislarning birida: «Kimki bu dunyoda birovning ustidan kulsa, o‘zi ham boshidan shuni o‘tkazmaguncha bu dunyodan o‘tmaydi», mazmunida so‘z boradi. Kelinglar, kulish, g‘iybat qilish va quruq gap sotishdan ko‘ra, barchamiz avvalo, o‘zimizga, so‘ng boshqalarga tavfiq so‘raylik», – deydi Hasan Toshxo‘jayev.

Ilyos Safarov tayyorladi.

Top