08:35 / 19.02.2021
3597

AQSh iqlim bo‘yicha kelishuvga qaytmoqda

AQSh 19 fevraldan iqlim bo‘yicha Parij kelishuvining yana ishtirokchisiga aylanadi. 

Foto: TASS

AQSh prezidenti Jo Bayden saylovoldi kampaniyasi davomida saylovlarda g‘alaba qozonsa, birinchi amalga oshiradigan ishlaridan biri AQShni iqlim bo‘yicha kelishuvga qaytarish bo‘lishini bir necha marotaba aytgan. Jumladan, u bu haqda sobiq prezident Donald Tramp bilan teledebatlarda ham aytib o‘tgan. 

AQSh Donald Tramp prezidentligi vaqtida ushbu kelishuvdan chiqib ketgandi.

Bayden 20 yanvardagi inauguratsiyasidan keyinoq AQShning iqlim bo‘yicha kelishuvga qo‘shilishi haqidagi farmonni imzolagan. AQShning Parij kelishuviga qaytishi 30 kun vaqt oldi.

AQShning kelishuvga qaytishi kuni BMT bosh kotibi Antonio Gutterish AQSh prezidentining iqlim masalalari bo‘yicha maxsus vakili Jon Kerri bilan onlayn-formatda suhbat o‘tkazadi. 

Issiqxona gazlariga qarshi kurash masalasi AQShdagi oxirgi kunlarda kuzatilayotgan yomon ob-havo sababli yanada dolzarb ko‘rinish oldi. Joriy haftada AQShning deyarli yarim hududi qor bo‘ronlari va sovuq havo iskanjasida qoldi. Odatda issiq havo hukm suruvchi Texasda bir necha kundan beri sovuq harorat saqlanib qolmoqda, bu yerda elektr simlari uzilishi va elektr stansiyalaridagi muammolar sababli millionga yaqin odam elektr energiyasiz qolgan.

AQShning Parij kelishuviga qaytishiga qarshi chiquvchilar oxirgi 30 yil ichida kuzatilayotgan rekord sovuq harorat global isish haqidagi nazariyani inkor etishini aytmoqdalar. Bu orada BMT bosh kotibi AQSh va dunyoning boshqa davlatlarida kuzatilayotgan ob-havo kataklizmlari aynan issiqxona gazlarining atrof-muhitga chiqarilishi sababli iqlim tizimining muvozanatdan chiqishi oqibati hisoblanishini ta'kidlab o‘tgan.

Top