15:33 / 19.02.2021
7952

Bosh prokuratura huzuridagi Departament tashqi savdo ishtirokchilarini firibgarlardan ogohlantirdi

Tashqi savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning pochta manzillari buzib kirilishi va mablag‘lari o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq murojaatlari ortib bormoqda, deb ma'lum qildi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Xabar qilinishicha, ikki o‘zaro hamkor insofli kompaniya o‘rtasidagi savdo aloqalari doirasida jinoyatchilar tovar yetkazib beruvchining elektron pochtasini buzib kirib, o‘zaro yozishmalarni qo‘lga kiritgan holda soxta hujjatlar orqali yetkaziladigan tovar uchun to‘lovni amalga oshirish to‘g‘risida xaridor yoki moliyaviy tashkilotning manziliga xat yuborgani holatlari aniqlangan.

Bu holatlarda yetkazib beruvchi kompaniya bir mamlakatda, soxta ma'lumotlar yo‘naltirilgan kompaniya rekvizitlari boshqa mamlakatga tegishli bo‘lgan.

O‘g‘irlangan mablag‘larning keyingi harakatlarini o‘rganilganda, aniqlanishicha, qo‘lga kiritilgan pullar ikkinchi mamlakatda vaqtincha yashovchi shaxs tomonidan naqdlashtirilgan va uchinchi mamlakatga olib chiqib ketilgan.

«Shu sababli, chet el kompaniyalari yoki ishlab chiqaruvchilari bilan o‘zaro savdo hamkorligini amalga oshirishda hushyor bo‘lishga, ochiq manbalar, ular to‘g‘risida yozilgan sharhlar orqali tadbirkorlarning halolligini o‘rganishga hamda noma'lum va shubhali manzillardan kelgan xabarlar va havolalarni (ssylka) ochmaslikka chaqiramiz.

Axborot xavfsizligini ta'minlashda litsenziyalangan dasturiy ta'minot vositalaridan foydalanish, shaxsiy pochta, mobil hamda kompyuter qurilmalariga kirishda ikki faktorli autentifikatsiyadan foydalanish, shuningdek muqobil aloqa kanallari orqali xorijiy sheriklar bilan tuzilgan shartnomalarning ishonchliligini qayta tekshirish orqali jinoyatchilar tomonidan mablag‘laringizni o‘g‘irlash xavfini sezilarli darajada kamaytirasiz», – deyiladi departament murojaatida.

Top