12:32 / 19.02.2021
3849

O‘zbekistonda 500 kVli G‘uzor-Regar elektr uzatish tarmog‘ini tiklash ishlari boshlandi

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan 500 kVli G‘uzor – Regar (L-507) elektr uzatish tarmog‘ini tiklash ishlari boshlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Qayd etilishicha, energetika va suv resurslari muvozanatini saqlash, iste'molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta'minlash borasida Tojikiston bilan hamkorlikda bir qator investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan 500 kVli G‘uzor – Regar (L-507) elektr uzatish tarmog‘ini tiklash investitsion loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ta'kidlanishicha, ayni paytda loyiha doirasida 500 kVli G‘uzor – Regar (L-507) elektr uzatish tarmog‘ining O‘zbekiston hududidagi 63 kilometr uzunlikdagi qismini qayta qurish ishlari boshlab yuborilgan. Uni joriy yilning to‘rtinchi choragida yakunlash ko‘zda tutilgan.

Xabarda ma'lum qilinishicha, loyiha Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi bayonnomasi asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha – O‘zbekiston va Tojikiston energetika tizimlarining parallel ishlashi vaqtida elektr energiyasi ishonchliligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Ma'lumot uchun, mazkur loyihaning qiymati 25 million AQSh dollarini tashkil etadi. Loyiha xalqaro tender tanlovlarida g‘olib bo‘lgan Xitoyning «Shanghai Electric Power Transmission & Distribution» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Top