12:11 / 19.02.2021
7350
Samarqanddan olib qochilgan «Nexia-2» Sirdaryoda beton to‘siqqa urildi

Samarqanddan olib qochilgan «Nexia-2» avtomashinasi Sirdaryo tumani hududida joylashgan YPX maskani oldida beton to‘siqqa urilgan. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati ma'lum qilmoqda.

Qayd etilishicha, 14 fevral kuni Jomboy tumani IIBga shu tumandagi «Guliston» MFYda yashovchi 65 yoshli U.N. murojaat qilib, xonadonida ijarada turuvchi 21 yoshli U.R. «Nexia-2» avtomashinasini olib qochganini xabar qiladi. Murojaatda ma'lum qilinishicha, U.R. uy egasini xonalardan birida bo‘lganida ustidan qulflagan va avtomashinani olib qochib ketgan.

Shundan so‘ng IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv natijasida U.N.ga tegishli «Nexia-2» Sirdaryo tumani hududida yo‘l chetidagi beton to‘siqqa urilgan holatda topilgan. U.R. hodisa joyida ushlangan. 

Ta'kidlanishicha, holat yuzasidan Jomboy tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, U.R. gumon qilinuvchi tariqasida tergovga jalb qilingan. Hozirda mazkur ish yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top