11:04 / 19.02.2021
14570

Shavkat Mirziyoyev: Taklifim - oqsoqolni mahallaga maslahatchi qilib qo‘ysak, mahalla raisligiga esa yosh va zabardast yoshlarni saylasak

Namangan viloyati xalq deputatlarining navbatdan tashqari 26-sessiyasi ishida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda. An'anaga ko‘ra viloyatdagi islohotlar tahlil qilindi, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri.

Foto: Kun.uz

“Namanganda 775ta mahalla bor. Agar ular: “Endi men bugun kechagidek ishlashga haqqim yo‘q”, deb kelgan bo‘lsa, shu katta yutuq. Endi mahalla - islohotchi. Oldingidek raislarning marosimlarda yuradigan davri o‘tib ketdi. Hamma mahalla raislari ham bugungi sinovlarga tayyormi? Bu savolga hamma o‘zicha javob berishi kerak. Mening taklifim - mahallaga oqsoqolni maslahatchi qilib qo‘ysak, mahalla raisligiga esa yosh va zabardast yoshlarni saylasak. Oqsoqolning obro‘sini aslo tushirmaymiz, doim davramiz to‘rida bo‘ladi. Mahalla raisi kecha-yu kunduz tinmaydigan, xalqning og‘irini yengil qiladigan kishi bo‘lishi kerak. 

Endi mahalla raislarini majlislarga chaqirish mutlaqo man etiladi. Namangandagi 775ta mahalla raisi bo‘yicha ishlarni hal qilsak, asosiy muammolarni hal qilgan bo‘lamiz. 

Men endi qaysi mahallaga kirishimni hech kimga aytmayman. Menga raqamlar, qilingan ishlarni aytish kerakmas. O‘zim ko‘zim bilan ko‘raman. Qarsakbozlik, balandparvoz gaplar ketmaydi”, – dedi prezident.

Top