11:00 / 19.02.2021
4066

Toshkent davlat stomatologiya instituti Angliyaning Borrow jamg‘armasi xalqaro ilmiy grantini qo‘lga kiritdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yosh tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va tibbiyot vakillari bilan bo‘ladigan uchrashuvlarida kasallikni davolashdan ko‘ra oldini olish ancha samarali va yaxshi natija berishini alohida ta'kidlab keladi.

Hozirgi kunda og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari, jumladan, tish kariyesi yer yuzida eng keng tarqalgan kasalliklardan biri bo‘lib, dunyo aholisining 95-98 foizi kariyes bilan zararlanishi tasdiqlangan. Kariyesga qarshi ko‘plab profilaktika usullari ishlab chiqilganiga qaramasdan, aholisi orasida, ayniqsa bolalar o‘rtasida og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari, jumladan, kariyes bilan zararlanish holatlari ko‘p uchramoqda.

Toshkent davlat stomatologiya instituti dotsenti, tibbiyot fanlari doktori, Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i, bolalar terapevt-stomatologi Baxtinur Xudanovning ta'kidlashicha, maktab yoshidagi bolalarda kariyes sut va doimiy tishlarda kattalarga nisbatan tez kechadi. Bir-bir yarim yilda tish yemiriladi, asoratlar tez rivojlanadi, ba'zan yemirilish plomba ostida ham davom etadi.

Shu bilan bir qatorda, bolalar o‘rtasida kariyesning tarqalishini aniqlashga bag‘ishlangan kompleks izlanishlar, profilaktika sohasida olib borilgan ilmiy ishlarning nisbatan kamligi va bu sohani zamonaviy talablarga mos tizimlar bilan boyitish lozimligini taqozo etmoqda.

Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ilmiy va amaliy ishlarni muvofiqlashtirish, aholi orasida tibbiy madaniyatni oshirish, profilaktik chora-tadbirlarni takomillashtirish maqsadida, Toshkent davlat stomatologiya instituti va Germaniyaning Vitten/Xerdekke universiteti olimlari respublikamizdagi stomatologik vaziyat haqida aniq ma'lumotlarga ega bo‘lish hamda innovatsion profilaktik tizim yaratish uchun mo‘ljallangan ilmiy-amaliy loyiha dasturini ishlab chiqdi.

Angliyaning Borrow jamg‘armasi tomonidan e'lon qilingan grant tanlovida Stomatologiya instituti va Germaniyadagi hamkor universitet olimlari mazkur loyiha bilan muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘olib bo‘lishdi», deydi tibbiyot fanlari doktori, institut rektori Nodir Haydarov.

Loyiha doirasida respublikamizdagi 7 va 12 yoshli maktab o‘quvchilarida og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarining tarqalishi, jadalligi ko‘rsatkichi, hududlardagi ichimlik suvlarida ftor ioni miqdori va mazkur holatning bolalar antropometrik ko‘rsatkichlariga bog‘liqligi o‘rganiladi va amaliy tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Loyiha xalqaro grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilib, institutning 40 dan ortiq professor-o‘qituvchilari tomonidan 12 000 dan ortiq maktab o‘quvchisini xalqaro me'yorlar asosida kengaytirilgan stomatologik ko‘rikdan o‘tkazishni ta'minlaydi.

Mazkur loyiha dolzarbligi, ilmiy va amaliy ahamiyati yuqoriligi bois Innovatsion rivojlanish vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Toshkent davlat stomatologiya instituti axborot xizmati

Top