21:14 / 19.02.2021
18312

«Xonobodda kimdir saratonga chalinganini eshitmaganmiz» - Qarshi–Xonobod harbiy bazasiga safar

Qarshi–Xonobod harbiy bazasida xizmat o‘tagan amerikalik askarlar orasida saraton va nurlanishga chalinish holatlari ko‘plab qayd etilgani haqidagi xabardan so‘ng, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi aerodromga press-tur tashkil etdi. Jurnalistlarga intervyu bergan harbiy xizmatchilar radiatsiya va nurlanish haqidagi gumonlarni rad etishdi.

Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimini topshirishidan bir kun avval Qarshi–Xonobod aerodromida xizmat qilgan amerikalik harbiylarga oid farmon imzolagan edi.

Donald Tramp
Foto: Reuters

Hujjatda 2001–2005 yillarda Qarshi–Xonobod aerodromida harbiy xizmat o‘tagan harbiylarga jangovar amaliyotlar o‘chog‘ida ishtirok etib qaytgan urush faxriylari maqomini berish va ularning toksik ta'sirlangan bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritish topshirig‘i qo‘yilgan.

Bu yillar davomida Afg‘onistondagi aksilterror kampaniyada ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan 15 777 nafar amerikalik harbiy xizmatchining 75 foizi keyinchalik saraton va boshqa kasalliklarni orttirgani aytilmoqda. Bunga Xonobod aerodromida radiatsiya va toksik nurlanish mavjudligi sabab sifatida taxmin qilinyapti.

Foto:  U.S. Air Force

O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonovga ko‘ra, Qashqadaryodagi Xonobod aerodromi bir paytlar kimyoviy dorilar ortilgan samolyotlar uchun mo‘ljallangan aerodrom bo‘lgan. Bu yerda insonning nafas yo‘llariga ta'sir ko‘rsatadigan darajadagi dorilar dalalarga sepish uchun saqlangan.

Boqijonov aerodrom harbiylar tasarrufidagi qo‘riqlanadigan zona bo‘lgani uchun u yerga kirishning imkoni bo‘lmagani, shu sababli hududning ekologik holati o‘rganilmaganini ta'kidladi. Qo‘mita OAVda e'lon qilingan ma'lumotlar ortidan aerodromni tekshirayotgani ma'lum qilindi.

O‘zbekiston mudofaa vazirining matbuot kotibi Bahrom Zulfiqorov 16 fevral kungi matbuot anjumanida Xonobod aerodromida radiatsiya va toksik nurlanish mavjudligi haqidagi xabarlarga izoh berib, bu mutaxassis bo‘lmagan odamlarning fikri ekanini ta'kidladi. Zulfiqorovga ko‘ra, harbiy aerodromda 30 yildan beri xizmat qilib kelayotgan o‘zbekistonlik harbiylar va Qurolli Kuchlar xizmatchilarida AQSh harbiylarida kuzatilayotgan holatlar kuzatilmagan.

Kuni kecha Mudofaa vazirligi bu mavzudagi gap-so‘zlarga oydinlik kiritish, ishchi xodimlar va uchuvchilar bilan suhbat tashkil etish uchun Xonobodga press-tur tashkil etdi.

«Qurol ombori portlagan, zarari kam bo‘lgan...»

Biz dastlab Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti boshlig‘i Abdulla Hamroyev bilan qisqa suhbatda bo‘ldik. Hamroyev Mudofaa vazirligi rasmiylarining matbuot anjumanidagi so‘zlarini tasdiqlab, aviabazada 10–15 yildan buyon xizmat qilib kelayotgan harbiylar borligi, ular orasida saraton va nurlanish kasalliklari qayd etilmaganini bildirdi.

Bilim yurti rahbari bunga dalil sifatida uchuvchilar har 6 oyda, kursantlar esa har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishini ta'kidladi.

Foto: McClathy DC Bureau

Amerikalik askarlar xizmat qilgan vaqtdagi suratlardan birida: «Nurlanish xavfi bor chegara» yozuvli ogohlik lavhi qo‘yilganini ko‘rish mumkin. Abdulla Hamroyevning izohlashicha, bunday lavh o‘rnatilgan joy hozir yo‘q, «o‘n yillar avval bor edi».

«Qurol ombori bo‘lgan, portlagan, lekin zarari kam bo‘lgan», dedi Hamroyev, ammo u portlash qachon va nega bo‘lganiga oydinlik kiritmadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, hudud maxsus moslamalar yordamida tekshirilgan, radiatsiya «umuman yo‘qligi» aniqlangan.

«Atrof-muhitning zaharlanganini o‘lchaydigan pribor shu vaqtgacha radiatsiya borligini ko‘tsatmagan»

Press-tur davomida jurnalistlarga Xonobod aerodromidagi radiatsiya va havoning zaharlanishini o‘lchaydigan asbob-uskunalar namoyish etildi.

Bu uskunalarning ishlashi haqida ma'lumot bergan, aerodromda 8 yildan buyon xizmat qilib kelayotgan harbiy xizmatchi Ma'ruf Musayevga ko‘ra, radiatsiyaviy nurlanish va kimyoviy zaharlanishni aniqlaydigan uskuna shu vaqtga qadar xavf borligini ko‘rsatmagan. Shuningdek, u o‘tgan vaqt davomida o‘zining sog‘lig‘ida ham hech qanday salbiy holat aniqlanmaganini aytib o‘tdi.

«Bu – atrof-muhitning zaharlanganini aniqlaydigan pribor. Bu harbiy qism xizmatchisida turadi. Bir sutka davomida har 7 soatda tekshirib turiladi va qayd qilish daftariga qayd qilib boriladi. Bu ikki xil rejimda ishlaydi. Ishchi va nazorat holatida. Agar atrof-muhit zararlangani yoki radiatsiya borligi aniqlansa, xabar beradi.

Harbiy qism bo‘yicha 5 ta bunday uskunlar navbatchilarda bor. O‘zim 8 yildan buyon shu harbiy qismda xizmat qilib kelaman. Shu 8 yil davomida biron marta radiatsiya yoki nurlanish holati aniqlanmagan. Sog‘lig‘im yaxshi, xudoga shukr», – deydi mayor Ma'ruf Musayev.

«Xabarlarni eshitib, biroz vahima bo‘ldi»

Jasurbek Nuriddinov

Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti 3-kurs kursanti Jasurbek Nuriddinovning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda harbiy aerodromda radiatsion nurlanish o‘choqlari mavjudligi haqidagi xabarlar dastavval bilim yurtida tahsil olayotganlar o‘rtasida biroz xavotirga sabab bo‘lgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan radiatsiya haqidagi xabarlarni feyk deb hisoblayman. Shu vaqtgacha bu yerda yashovchilar orasida kimningdir saraton bo‘lganini eshitmadik. Bizga dars berib kelayotgan ustozlarimiz ko‘p yillardan beri shu yerda xizmat qilishadi. Hammalarining sog‘liqlari joyida.

O‘zi umuman aviatsiya sohasidagi odam xavfsizlik texnikasiga rioya qilmasa, shunaqa kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Xavfsizlik qoidalari bizga yaxshi o‘rgatilgan. Bir yilda bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tamiz», – deydi kursant.

«25 yildan beri kimdir saratonga chalinganini eshitmadim»

Ruiddin Fayzullayev

Harbiy qismda uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan 52 yoshli elektrik Ruiddin Fayzullayev shu vaqtga qadar na harbiy xizmatchilar va na mahalliy aholi vakillari orasida saratonga chalinish holati qayd etilmaganini ta'kidladi.

«1994 yildan beri shu yerda ishlab kelaman. Ikki farzandim bor. Shu Xonobod qishlog‘ida yashayman. Oilam ham shu harbiy qismda ishlaydi.

Harbiylar kabi biz ham tibbiy ko‘rikdan o‘tamiz. Qishloq aholisini ham tekshiruvdan o‘tkazishadi. Shu vaqtgacha kimningdir saraton kasalligiga chalinganini eshitmadim. Hammasi joyida», – dedi Ruiddin Fayzullayev.

Rahmatillo Isroilov tayyorladi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Top