20:20 / 20.02.2021
2347
Bayden aholini vaksinalardan cho‘chimaslikka chaqirdi

AQSh prezidenti Michigan shtatidagi vaksinalar ishlab chiqariluvchi Pfizer zavodiga bordi.

Foto: AFP

AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakat aholisini emlanishdan cho‘chimaslikka chaqirdi.

Bayden Michigan shtatidagi vaksinalar ishlab chiqariluvchi Pfizer zavodiga tashrifi chog‘ida ana shunday murojaat bilan chiqdi.

"Butun mamlakatga murojaat qilmoqchiman: vaksinalar xavfsiz. Iltimos, o‘zingiz, oilangiz, mamlakat uchun, navbatingiz kelganida vaksinadan foydalaning. Pandemiyani faqat shu yo‘l bilan yengishimiz mumkin", dedi AQSh prezidenti.

Hozirda AQShda og‘ir ob-havo sharoiti bois emlash kampaniyasi qiyinlashdi. Deyarli butun mamlakat bo‘ylab bir haftadan buyon kuchli qor yog‘ishi davom etmoqda. Oq uyning ma'lumot berishicha, noqulay ob-havo va transport muammosi sababli uch million doza vaksina yetkazib berilishini ortga surgan.

Pfizer — AQShda foydalanishga ruxsat berilgan ikki vaksinadan biri. Dekabrdan buyon mamlakatda 30 million doza vaksina qo‘llangan.

Top