10:54 / 20.02.2021
1930
Bolalar milliy tibbiyot markazida onkologiya va gematologiya bo‘limi tashkil etildi

O‘zbekistonda hozirgacha bir-biridan alohida bo‘lgan bolalar onkologiyasi va gematologiyasi endilikda yagona sohaga birlashmoqda.

Bolalar milliy tibbiyot markazida onkologiya va gematologiya bo‘limi tashkil etildi. Unda gematologik va onkologik kasalliklar bilan og‘rigan bolalarga tashxislash va davolash xizmatlari bepul ko‘rsatiladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Bo‘lim rahbari Kamol Iskandarovning ma'lumot berishicha, bo‘lim 20ta o‘ringa ega bo‘lib, hozirda bu yerda 12 nafar bemor davolanmoqda. Yaqin kunlarda koykalar sonini 60taga yetkazish rejalashtirilgan.

“Bo‘limdagi barcha jarayonlar Janubiy Koreya modeli asosida tashkil etilgan”, dedi Iskandarov.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova bolalar onkologiyasi va gematologiyasi tibbiyotning murakkab hamda muhim sohalari ekanini qayd etib o‘tdi.

“Dunyoda har yili 300 ming nafar bolada onkologik va gematologik xastalik tashxisi aniqlanadi. Ularning uchdan bir qismi, ya'ni 100 mingtasi hayotdan ko‘z yumadi. Butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham bu kasalliklar bolalar vafotiga sabab bo‘lish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda (birinchi o‘rinda - jarohatlar) turadi”, dedi vazir o‘rinbosari.

Hozirgacha bolalar onkologiya va gematologiyasi bir-biridan alohida bo‘lgan. Bolalar gematologik kasalliklari Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy markazida, onkologik kasalliklar esa onkologiya dispanserlarida davolab kelingan. Endilikda ular bir soha sifatida milliy tibbiyot markazida, hududlarda esa ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonalaridagi bo‘limlarda davolanadi. Jami 545 nafar bemorga xizmat ko‘rsatuvchi o‘rin tashkil qilish rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, yangi tizim bilan kasallikni erta aniqlash, og‘ir bemorlar umr ko‘rishi davomiyligini 80 foizga yetkazish mumkin bo‘ladi.

Top