22:02 / 20.02.2021
27733

Namanganda prezident borgan mahallani obodonlashtirish boshlandi. Viloyat hokimi shu mahallaga ko‘chib kelishini aytdi

Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi chog‘ida shaharning «Bunyodkor» mahallasida bo‘lib, u yerdagi infratuzilma uchun mas'ullarni tanqid qilgandi.

Ertasiga viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov shu mahallaga ko‘chib o‘tishini e'lon qildi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, ayni paytda mahallani obodonlashtirish ishlari boshlanib ketgan.

Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati​

«Har kuni o‘zim shu yerda bo‘laman. Uyim shu mahalla idorasining ro‘parasida bo‘ladi. Bugun konteyner o‘rnatiladi. «Viloyat hokimining uyi» deb katta qilib yozib qo‘yaman. Shu yerga kelib, nima gap bo‘lsa, [murojaat qilishinglar mumkin].

Mahalla raisini ham almashtiraman. Mahalla raisligiga tushungan, kelajakda hokim bo‘ladigan bolalarni qo‘yaman. Chunki mahalla raisi qaysi masala qanday hal etilishini bilishi kerak: yo‘l qayerdan hal bo‘ladi, suv qanday hal bo‘ladi, maktabni qanday yaxshilash kerak, qanday qilib ishlab chiqarish qilsa bo‘ladi... Yonimda turadigan odam bo‘lishi kerak», – dedi Shavkat Abdurazzoqov 20 fevral kuni aholi oldidagi chiqishida.

Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati

Ayni paytda mahallada yerlarni tekislash, elektr tarmoqlari tortish, obodonlashtirish ishlari boshlangan. Mahallaga toza ichimlik suvi keltiriladi.

Viloyat hokimligi uzoq yillar davomida foydalanishda bo‘lgan chiqindixona yopilishi, mahalla idorasi esa qayta qurilishini ma'lum qildi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati

«Bu yerda 3 gektar joyda kichik sanoat zonasi tashkil etamiz va kamida 10 ta korxona ochamiz. Buning ortidan 12 ming kishi yashaydigan mahallada 1000 nafar odam ishli bo‘ladi», – degan viloyat hokimi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev mahalla tashrifi chog‘ida u yerdagi ahvol uchun shahar hokimi va prokurori, shuningdek mahalla raisiga tanbeh bergandi.

Foto: Kun.uz

Davlat rahbari shahar hokimining birinchi o‘rinbosarini ishdan bo‘shatdi. Uning o‘rniga viloyat IIBning yoshlar yetakchisi, 31 yoshli Dostonbek Abduqahhorov tayinlandi.

Dostonbek Abduqahhorov / Foto: Prezident matbuot xizmati
Top