20:14 / 20.02.2021
3286
O‘zbekistonda 4 yil ichida 6,5 million tup daraxt ko‘chati yetishtirilishi belgilandi

Respublikada yog‘och va yog‘ochsozlik sanoati xomashyo bazasini mustahkamlash orqali import hajmini kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining «Yog‘ochsozlik sanoati xomashyo bazasini mustahkamlash va sohani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, respublikada 6,5 million tupdan ziyod yong‘oq, chinor, shumtol, qayrag‘och hamda boshqa mebelbop daraxt turlari ekiladi.

Xususan, 2021-2022 yillarda:

  • qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan zaxiradagi yerlarning 3 ming 173 gektarida 2 million tup;
  • o‘rmon fondining tog‘oldi va adirlardagi yerlarining 1 ming 327 gektar qismida 783 ming 600 tup ko‘chat yetishtirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2021-2024 yillar davomida:

  • o‘rmon fondining suv tanqis yoki tuprog‘i sho‘r bo‘lgan yerlarining 860 gektar qismida 747 ming 500 tup;
  • foydalanilmayotgan zaxira yerlarining jami 4 ming gektarida 2 million 990 ming tup daraxt ko‘chatlari yetishtirish belgilangan.

Qaror asosida, 2021 yil 10 martdan boshlab mebel sanoatida yog‘och xomashyosi sifatida foydalaniladigan pavlovniya, yong‘oq, chinor, shumtol, qayrag‘och hamda boshqa daraxtlar plantatsiyalarini tashkil etuvchi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga zarur ko‘chat ekish materiallari belgilangan tartibda shartnoma asosida yetkazib beriladi.

Qoraqalpog‘iston va barcha viloyatlar hokimliklari tomonidan 2021 yil 25 martdan boshlab klaster shaklida daraxtlar plantatsiyalarini tashkil etish uchun mebel va yog‘ochsozlik sanoati tashkilotlariga zaxiradagi va foydalanishdan chiqqan yerlardan kamida 50 gektardan ajratiladi.

Avvalroq, hukumatning tez o‘suvchi va sanoatbop pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo qilish bo‘yicha qarori qabul qilingandi. Ushbu hujjatda ham mamlakatda yog‘och mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, import hajmini keskin kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning o‘tgan 10 oyi davomida O‘zbekiston xorijiy davlatlardan qiymati 471,8 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan yog‘och va yog‘och mahsulotlarini import qilgan. Bu ko‘rsatkich 2019 yilning mos davri bilan solishtirilganda 37,7 mln AQSh dollariga kam.

O‘zbekiston o‘tgan yili 49 mamlakatdan, xususan, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Belarus, Italiya davlatlaridan yog‘och va yog‘och mahsulotlari import qilgan.

Top