18:48 / 20.02.2021
2818
«O‘zbekneftgaz» AJ rahbariyati Muborakdagi «Alan» va «Zevarda» stansiyalari qurilishini ko‘zdan kechirdi

Qashqadaryo viloyatida tabiiy gaz qazib chiqarilishi holatini o‘rganayotgan «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh a'zolari Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi «Alan» va «Zevarda» konlarida ham bo‘ldi.

Investitsion loyiha doirasida «Alan» va «Zevarda» konlarida qurilayotgan past bosimli siquv kompressor stansiyalaridagi so‘nggi bosqich qurilish-montaj ishlari holati o‘rganildi.

Siquv kompressor stansiyalarini qurishda zamonaviy «Baker Hughes General Electric» (AQSh) kompaniyacining gazturbina uskunalari va kompressorlaridan, shuningdek, «Motorsich» (Ukraina), «Akcelik» (Turkiya), «Denair Energy» (Xitoy) kompaniyalarining uskunalari o‘rnatilish jarayoni mutaxassislar ishtirokida ko‘rib chiqildi.

Boshqaruv raisi bu yerda o‘z mehnat faoliyatini olib borayotgan ishchi-xodimlar bilan suhbatlashib, ularning yashash va ishlash sharoitlari bilan ham tanishib chiqdi.

«Enter Engineering» kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikda qurilayotgan past bosimli siquv kompressor stansiyalarining qurilish maydonida asosiy qurilish-montaj ishlari yakunlanib, ishga tushirish-sozlash oldi ishlari bosqichma-bosqich olib borilayotgani bo‘yicha boshqarma kompressorlarni ishlatish bo‘limi boshlig‘i Marat Israfilov ma'lumot berdi.

O‘z navbatida, qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni uzluksiz nazorat qilish borasida mas'ullarga topshiriqlar berildi.

Investitsion loyihaning amalga oshirilishi, tashqi infratuzilma obektlari qurilishining olib borilishi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish borasida vazifalar belgilab olindi.

Boshqaruv raisi xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi qoidalari va talablariga qat'iy rioya qilish, kompressor stansiyalari xodimlarini yuqori sifatli tayyorlash, shuningdek, ishga tushirish-sozlash ishlarini yuqori sifatda bajarish kerakligini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, «Alan» konidagi siquv kompressor stansiyasi kunlik 9,1 mln kub/metr quvvatga, «Zevarda» konidagi siquv kompressor stansiyasi esa kunlik 9,5 mln kub/metr quvvatga ega.

Ushbu investitsiyaviy loyihalar ishga tushirilishi natijasida uglevodorod qazib olish hajmini barqaror saqlab turish hamda yanada oshirishga erishiladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top