17:03 / 20.02.2021
7387

Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining prezident saylovida ovoz berishi tartibi ma'lum qilindi

Chet davlatlarda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari prezident saylovida ovoz berish uchun o‘zlarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida saylovdan 15 kun oldin yozma shaklda murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, amaldagi saylov qonunchiligiga ko‘ra, O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuziladi. Saylov uchastkalaridagi saylovchilarning ro‘yxati diplomatik va boshqa vakolatxona boshliqlari tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar asosida shakllantiriladi hamda chet davlatlarda turgan fuqarolar saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor qilinadi.

«Chet davlatlarda turgan fuqarolar o‘zlarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida saylovdan 15 kun oldin yozma shaklda O‘zbekistonning diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga yoki Tashqi ishlar vazirligi sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8:00dan 20:00gacha o‘tkaziladi», – deya Adliya vazirligi vakilining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 8 fevral kuni O‘zbekiston saylov qonunchiligiga o‘zgartirish kiritish nazarda tutilgan qonun qabul qilindi. Qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, prezidentlikka, parlamentga, mahalliy kengashlarga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida (2021 yil 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda – tahr.) o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bungacha saylovlar dekabr oyida o‘tkazilar edi.

Shuningdek, yangi tayinlangan Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatov prezident, parlament va mahalliy kengashlarning saylov sanasi oktabr oyiga ko‘chirilganiga asosiy omil - O‘zbekiston saylovchilarining xohish-irodasi ekanligini aytgan.

Mavzuga oid
Top